Taniqli aktyor va rejissyor Rustam Urazaev 65 yoshida Moskvada vafot etdi.
Rustam Urazaev 1958 yil 21 yanvarda Toshkent shahrida tug`ilgan. Maktabni tamomlaganidan so`ng dastlab rassomchilik bilim yurtida, so`ngra Toshkent davlat universitetining tarix fakultetida tahsil oladi.
Urazaev kino sana`tiga 1974 yilda kirib kelgan. U sobiq ittifoq tarkibida bo`lgan turli mamlakatlar kinostudiyalarida suratga tushgan. O`zbekiston televideniesida ko`ngilochar dasturlar boshlovchisi sifatida faoliyat olib borgan. U o`zbek "Alen Delon"i degan nom olgandi.
Rustam Urazaev G`arb kinosida suratga tushgan juda kam sonli o`zbekistonlik aktyorlardan biridir. Aktyor Fransiya-Ispaniya kinoijodkorlari hamkorligida suratga olingan "Ma`rifat" filmida bosh rollardan birini ijro etgandi.






