"O`zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta`minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi Prezident qaroriga ko`ra, 2023 yil 1 sentyabrdan:
- seysmik faol zonada joylashgan seysmik xavfsizligi III-IV toifaga kiruvchi ko`p kvartirali uylardagi umumiy foydalaniladigan joylarda (zinapoya yo`laklari, cherdak va umumiy foydalanishdagi oshxonalarda) o`zboshimchalik bilan qurilgan konstruksiyalar;
- ko`p kvartirali uylarning, shu jumladan ularning erto`la va birinchi qavatidagi zilzilabardoshlikka ta`sir qiluvchi konstruksiyalarga o`zboshimchalik bilan kiritilgan o`zgartirishlar aniqlanadi.
Aniqlangan noqonuniy holatlar bo`yicha qonunchilikka muvofiq choralar ko`riladi.
Seysmik xavfsizligi II–IV toifadagi qurilayotgan yoki mavjud ob`ektlarning konstruksiyasini o`zgartirish (qavatlar sonini o`zgartirish, yonma-yon qurish, ustiga qavat qurish) bo`yicha qurilish ishlarini boshlashga faqat loyihaning o`zgartirilgan shaharsozlik hujjatlari qayta ekspertizadan o`tkazilib, ijobiy xulosa olingandan so`ng ruxsat etiladi.
2023 yil 1 iyundan:
- seysmik xavfsizligi IV toifadagi bino va inshootlar bo`yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish Loyiha-qidiruv tashkilotlari elektron reytingida «S» va undan yuqori toifaga ega tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi;
- seysmik xavfsizligi III–IV toifadagi bino va inshootlar bo`yicha qurilish ishlari Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingida «SSS» va undan yuqori toifaga (shu jumladan «A» va «B» turdagi barcha toifalarga) ega bo`lgan qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan bajariladi.
2023 yil 1 oktyabrdan seysmik xavfsizligi II–IV toifadagi bino va inshootlar bo`yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o`tkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish va nazorat funksiyalarini amalga oshirish yo`nalishlaridagi faoliyat yurituvchi mutaxassislarni sertifikatlash tartibi joriy etiladi.
2024 yil 1 yanvardan ob`ektlarda davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati tadbirlarini tegishli yo`nalishlar bo`yicha maxsus bilim va sertifikatga ega mutaxassislar tomonidan amalga oshirish amaliyoti yo`lga qo`yiladi.
Qarorga ko`ra, quyidagilarni «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimiga kiritib borish majburiy hisoblanadi va ma`lumotlarning jamoatchilik uchun ochiqligi ta`minlanadi:
- qurilish ob`ektlari ustidan davlat nazorati;
- buyurtmachining texnik nazorati;
- ishlab chiquvchining mualliflik nazorati;
- pudratchining ichki nazorati tadbirlari;
- ularda aniqlangan kamchiliklar va nuqsonlar;
- ularni bartaraf etish to`g`risidagi ma`lumotlar.






