Evropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyatiga O`zbekistonning xalqaro aeroportlarida aeroport uskunalarini modernizasiya qilish uchun 28 million evrogacha uzoq muddatli moliyalashtirishni taqdim etadi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.
17 may kuni ETTBning Samarqand shahrida bo`lib o`tgan yillik forumida kompaniya boshqaruvi raisi Ra`no Jo`raeva va Evroosiyo bo`yicha infratuzilma departamenti direktori Ekaterina Miroshnik ilgari erishilgan kelishuvlarni mustahkamlab, mandat xatlarini alishdi.
«Bank mablag`lari hisobidan yo`lovchi tashuvchi avtobuslar, yuk tashuvchi texnikalar, lentali yuk uzatuvchilar, samolyot buksirlari, samolyotlarni suv bilan to`ldirish va hojatxona bo`limlariga xizmat ko`rsatish uchun maxsus avtomashinalar, ambulator avtoliftlar, tozalovchi, muzdan tozalash mashinalari va boshqalar xarid qilinadi», — dedi Ra`no Jo`raeva.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, ETTBning moliyalashtirishi evaziga 76 dona yangi aeroport maxsus texnikasi xarid qilinadi.
Bundan tashqari, ETTB va kompaniya o`rtasida 1 million evrodan ortiq grant mablag`larini ajratish bo`yicha kelishuvlarga erishildi. Buning bir qismi sifatida bank asosiy biznes-jarayonlarni optimallashtirish va shu orqali Uzbekistan Airports va uning tarkibiy bo`linmalari faoliyati samaradorligini oshirishga yordam beradigan xalqaro konsalting kompaniyasini jalb qilishni ko`zda tutadi.
Ta`kidlanishicha, bu O`zbekistonda moliyalashtirish mamlakat hukumati tomonidan davlat kafolatisiz amalga oshiriladigan davlat kompaniyasi bilan hamkorlikning birinchi namunasi bo`ladi.






