AsosiyJamiyat

DXX beshta viloyatda narkosavdo bilan shug`ullanayotgan shaxslarni qo`lga oldi

'DXX beshta viloyatda narkosavdo bilan shug`ullanayotgan shaxslarni qo`lga oldi'ning rasmi

DXXning darakchi.uz'ga ma`lum qilishicha, qator hududlarda narkosavdo bilan shug`ullanib kelayotgan shaxslarni qo`lga olingan. 

Jumladan, Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, 1970 yilda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tug`ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog`liq jinoyati uchun sudlangan, hozirda Kogon tumanidagi fermer xo`jalikda qorovul bo`lib ishlovchi fuqaro ushlandi va undan kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan 581 gr. “opiy” moddasi prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor surishtiruv harakatlari davomida Buxoro shahrida yashovchi, 1961 y.t. fuqaro ushbu narkosavdogardan muqaddam 158 gr. “opiy” moddasini sotib olganligi aniqlanib, undan ham ashyoviy dalillar tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ta`kidlash lozimki, mazkur giyohvandlik vositalari Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo`li bilan mamlakatimizga olib kelingan.

Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa “Surxondaryo – Toshkent” yo`nalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlari tomonidan “Sirdaryo” YPX maskanida to`xtatilib tekshirilganda, unda yo`lovchi sifatida ketayotgan Denov tumanida yashovchi, 1997 y.t. fuqaro yonida 286 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlandi va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositalari Tojikiston Respublikasidan olib kelingan.

Bu yo`nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Farg`ona viloyati bo`yicha Boshqarmasi xodimlari ham boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o`tkazishdi.

Dastlab, Farg`ona shahrida yashovchi, 1998 y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Malibu” rusumli avtomashina “Quva - Farg`ona” yo`nalishida harakatlanayotgan vaqtida to`xtatilganda, u xodimlarning qonuniy talablariga bo`ysinmasdan, voqea joyidan qochishga uringan. Biroq, tezkor guruh tomonidan ko`rilgan choralar natijasida avtomashina to`xtatilib, uning haydovchisi va salonida bo`lgan 2 nafar fuqaro ushlandi hamda ular tomonidan yo`l chetiga uloqtirib yuborilgan 905 gr. “gashish” moddasi prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

So`ngra Namangan viloyatining To`raqo`rg`on tumanida yashovchi, 1994 y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtomashina Marg`ilon shahrida to`xtatilib tekshirilganda, unda yo`lovchi sifatida ketayotgan Namangan shahrida yashovchi, 1989 y.t. fuqaroga tegishli 925 gr. “gashish” moddasi borligi ma`lum bo`ldi va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib ushbu narkotik moddalarni Tojikiston Respublikasidan buyurtma qilib, Qirg`iz Respublikasi orqali olib keltirgan Beshariq tumanida yashovchi, 1983 y.t. shaxs ham ushlandi.

Boshqa holatda esa Farg`ona shahrida istiqomat qiluvchi, 1989 y.t. fuqaro Qirg`iz Respublikasidan kontrabanda yo`li bilan keltirilgan 957 gr. “gashish” moddasini olib, yo`lovchi mashinada Quva tumani hududida harakatlanayotgan vaqtida qo`lga olindi.

“Namangan - Qo`qon” yo`nalishida harakatlanayotgan, Qo`qon shahrida istiqomat qiluvchi, 1996 y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi Qo`qon shahri hududida to`xtatilib ko`zdan kechirilganda, avtomashina salonida 833 gr. “gashish” moddasi borligi ma`lum bo`ldi va prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar