Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxt Toshkentda ikki fuqaro o`zaro janjallashgani aks etgan video tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.
Keltirilishicha, voqea joriy yilning 11 may kuni taxminan soat 20:30 larda Uchtepa tumani Chilonzor 23-mavzedagi jamoat transporti bekati oldida sodir bo`lgan. Fuqaro A.Q.ning avtomashinasi Ichki ishlar organi xodimlari tomonidan ko`zdan kechirilganda, u erda bir dona pichoq borligi aniqlangan. Holat bo`yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida fuqaro tuman Ichki ishlar organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (IIO FMB)ga chaqirilgan. Biroq A.Q. IIO xodimlarning qonuniy talablarini bajarmay, qarshilik ko`rsatgan vaqtda ular orasida kelishmovchilik kelib chiqqan.
Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB tomonidan fuqaro A.Q.ga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimlarining o`z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko`rsatish) bilan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, o`rnatilgan tartibda ko`rib chiqilishi uchun jinoyat ishlari bo`yicha tuman sudiga yuborilgan.
Hozirda xodimning harakatiga baho berish uchun Toshkent shahar IIBB tomonidan xizmat tekshiruvi o`tkazilayotgani va natijasi bo`yicha qonuniy chora ko`rilishi aytilgan.






