AsosiyJamiyat

Endi Qirg`iziston-O`zbekiston chegarasidan ID-karta orqali o`tish mumkin

'Endi Qirg`iziston-O`zbekiston chegarasidan ID-karta orqali o`tish mumkin'ning rasmi

3 may kuni Qirg`izistonning Jogorku Keneshi «Qirg`iziston hukumati va O`zbekiston hukumati o`rtasida fuqarolarning o`zaro sayohati to`g`risida 2006 yil 3 oktyabrdagi Bitimga o`zgartirishlar kiritish haqidagi bayonnomani ratifikasiya qilish haqida»gi qonun loyihasini uch o`qishda qabul qildi. Kelishuv 2023 yil 27 yanvarda Bishkek shahrida imzolangan edi. 

Bitimga o`zgartirishlar kiritish to`g`risidagi bayonnomada fuqarolarning ikki davlat hududiga kirish, chiqish, tranzit orqali borish, harakatlanish va bo`lish hujjatlari ro`yxatini yangilash nazarda tutilgan. 

Xususan, Qirg`iziston tomoni kelishuvni «ID-karta» so`zlari bilan to`ldirdi. Shu bilan birga, hujjatdan «tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnoma» so`zlari olib tashlandi. 

Qirg`izistondan fuqarolarni noqonuniy olib chiqib ketish xavfini kamaytirish maqsadida, 16 yoshgacha bo`lgan bolalarning tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomasidagi ilova Qirg`iziston hududiga kirish va undan chiqish huquqini beruvchi hujjat sifatida muomaladan chiqarildi. 

O`z navbatida, O`zbekiston tomoni kelishuvning 2-ilovasiga o`zgartirishlar kiritdi va tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomaga tegishli band chiqarib tashlandi. 

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 27 aprel kuni Qirg`iziston bilan chegarani ID-karta orqali kesib o`tish to`g`risidagi shartnomani ratifikasiya qilish to`g`risidagi hujjatni imzolagan edi. 

    Boshqa yangiliklar