Senatning qirqinchi yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag`lari daxlsizligini ta`minlashga qaratilgan qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish to`g`risida”gi Qonun ko`rib chiqildi.
Ta`kidlanganidek, mazkur Qonun bilan tadbirkorlik sub`ektlarining bank hisobvaraqlaridan pul mablag`larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o`tkazganlik yoki olib qo`yganlik yoxud ortiqcha undirilgan mablag`larni o`z vaqtida qaytarmaganlik uchun ma`muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Xususan, Qonunda Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga qo`shimcha modda kiritilib, bank hisobvaraqlaridagi pul mablag`larini tadbirkorlik sub`ektlarining roziligisiz qonunga xilof ravishda o`tkazish yoki olib qo`yish yoxud ortiqcha undirilgan pulni o`z vaqtida qaytarmaslik holati bo`yicha aybdorga bazoviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solinishi qayd etilmoqda.
Shuningdek, Qonun bilan tadbirkorlarning pul mablag`larini qonunga xilof ravishda o`tkazish yoki olib qo`yish yoxud ularni o`z vaqtida qaytarmaslik yuzasidan Jinoyat kodeksiga qo`shimcha modda kiritilib, unga ko`ra mazkur holatlar ma`muriy jazo qo`llanilgandan keyin ham sodir etiladigan bo`lsa, sodir etilgan jinoyatning toifasiga qarab bazoviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik sub`ektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy choralarini kuchaytirishga va ularning mulkiy huquqlari daxlsizligini himoya qilish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.






