Bu haqda Senat yalpi majlisida ma`lum qilindi.
– Endi hokimlarning o`zlari qaror qabul qilib, o`zlari rahbarlik qiladigan mahalliy Kengashlarda ushbu qarorlarni tasdiqlatish va uning ijrosini nazorat qilish amaliyotidan butunlay voz kechiladi, – dedi Tanzila Norboeva. – Chunki mahalliy Kengashlar va hokimlarning vakolatlari alohida-alohida belgilanmoqda. Bu esa ushbu organlar mas`uliyati va javobgarligini oshirish bilan bir qatorda, vazifalar takrorlanishining ham oldini oladi. Endilikda, mahalliy vakillik organlari xalq nomidan muhim siyosiy qarorlarni mustaqil qabul qiladi. Hokimliklar faoliyati ustidan ta`sirchan kengash va deputatlik nazorati o`rnatiladi. Bunday yangi yondashuv natijasida hokimiyatlar bo`linishi prinsipi mahalliy darajada tatbiq etiladi. Kengashlar nazorati kuchayishi hokimlarning mas`uliyati oshishiga zamin yaratadi. Mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlarining bir-biridan ajralishi – Toshkent shahar va viloyatlarda 2024 yilgi saylov natijalari bo`yicha, tumanlarda esa 2026 yildan boshlab qo`llaniladi.
Mazkur sharoitda Senat o`zining hududlar manfaatini ifoda etadigan organ sifatidagi yangi konstitusiyaviy mohiyatidan kelib chiqib, mahalliy Kengashlar faoliyatini muvofiqlashtirish funksiyasi asosida ular bilan hamkorlik darajasini yangi bosqichga olib chiqishi lozimligi qayd etildi.
– Joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarning echimida doimiy komissiyalar rolini kuchaytiramiz. Doimiy komissiyalar aholini tashvishga solayotgan masalalarni nafaqat mahalliy Kengashlar muhokamasiga, balki Senat qo`mitalari bilan hamkorlikda Senat majlislariga ham olib chiqish amaliyotini keng yo`lga qo`yishlari maqsadga muvofiq, – dedi Senat Raisi. – Bundan tashqari, Yangi Konstitusiyada belgilangan normalardan kelib chiqib, vakillik organlari faoliyatini tartibga solishga doir barcha normativ-huquqiy hujjatlar to`liq qaytadan ko`rib chiqiladi.






