Avval xabar qilganimizdek, bugun, 3 may kuni Toshkent shahrida quyoshning ultrabinafsha nurlanish indeksi 12 balli shkalada 10 ball bo`lishi kutilmoqda.
Nurlanish qoq tush payti maksimal darajaga yaqinlashib, uning indeksi 12 balli shkalada 10 ball bo`lishi, soat 14:00da 9, 15:00da 7 va 16:00da 5 darajaga tushishi qayd etilgan.
Xo`sh, yuqori ultrabinafsha nurlari nimasi bilan xavfli? Undan qanday himoyalanish kerak? SSV tavsiyalarni e`lon qildi.
Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi ma`lum qilishicha, bunday paytda quyosh nuri allergik reaksiyalar keltirib chiqarishidan ehtiyot bo`lish lozim.
Xususan, bu kabi noqulay ob-havo sharoitida terining quyosh nuriga sezgirligi oshishi natijasida fotodermatit kasalligi yuzaga kelishi mumkin.
— Quyosh nurining o`zi allergen hisoblanmaydi, — deydi markaz rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova. — Biroq ultrabinafsha nurlanish teri yoki inson tanasidagi har qanday modda bilan o`zaro ta`sirga kirishganda, allergik reaksiya paydo bo`lishi mumkin.
Oqibatda ko`krakning yuqori qismi, bo`yin, qo`l sohalarida pufakcha, qavariq, qizil dog` va turli toshmalar yuzaga keladi. Ba`zan terining qipiqlanishi, qichishishi va shishlar kuzatiladi.
Qolaversa, ko`zning shilliq qavatiga ultrabinafsha nurlarining ta`siri kon`yunktivit va keratit, ya`ni shohpardaning yallig`lanishini ham keltirib chiqaradi.
— Bunday yallig`lanish zararli nur ta`siridan bir necha soat o`tgach paydo bo`lib, ikkisi ham og`riqli kechadi, — deydi Respublika ko`z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov. — Shu bilan birga, ultrafinafsha nurlar kataraktaning rivojlanishiga ham sabab bo`ladi.
Bundan tashqari, nurlanish indeksi yuqori bo`lgan vaqtda ochiq havoda uzoq vaqt yurish saraton kasalligiga moyillikni oshirib, immunitetni pasaytiradi.
Shu bois bunday kunlarda soat 11:00dan 16:00gacha quyosh nurlari ostida uzoq vaqt yurmaslik, agar zarurat tug`ilsa, bosh kiyim kiyish yoki soyabon tutish, ko`zoynak taqish va imkon qadar yopiq liboslar kiyish tavsiya etiladi.






