O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an bilan 2 may kuni bo`lib o`tgan telefon orqali muloqotida keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va amaliy hamkorlikning ustuvor loyihalarini ilgari surish masalalari ko`rib chiqildi.
Turkiya etakchisi davlatimiz rahbarini Konstitusiya islohoti bo`yicha umumxalq referendumi muvaffaqiyatli o`tkazilgani bilan samimiy qutlab, qardosh O`zbekiston xalqiga farovonlik, taraqqiyot va ravnaq tiladi.
Suhbatda mamlakatimizda Turkiyaning etakchi kompaniyalari ishtirokidagi ustuvor investisiya loyihalarini jadal amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Strategik sheriklik kengashining navbatdagi yig`ilishiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Muloqot yakunida O`zbekiston rahbari Turkiya etakchisiga joriy yilning may oyi o`rtasida bo`lajak Prezident saylovida muvaffaqiyatlar tiladi.






