May oyida havo haroratining barqaror o`sishi davom etadi, aprel oyiga nisbatan o`rtacha 4−6 daraja iliqroq bo`ladi. Bu haqda O`zgidromet xizmati agentligi ma`lumot berdi.
Sinoptiklarning ma`lum qilishicha, ushbu yilda may quruq va iliq ob-havo bilan boshlanadi. Xususan, 1 may kuni havo harorati +30…+33 daraja atrofida bo`ladi. So`ngra hafta davomida havo harorati biroz pasayadi va kunduzi +23…+28 darajani tashkil etadi.
O`n kunlikning eng oxirida esa harorat yana ko`tarila boshlaydi. Keyinchalik may oyining oxirigacha harorat kechalari +10…+13 darajadan +17…+20 darajagacha, kunduz kunlari +22…+25 darajadan +32…+35 darajagacha o`zgarib turishi kutilmoqda.
1 maydan 10 maygacha asosan yog`ingarchiliksiz ob-havo bo`lishi mumkin, faqat 4 may kuni shimoli-g`arbiy hududlarda, 6−7 may kunlari respublikaning qolgan hududlarida asosan momaqaldiroqli qisqa muddatli yomg`irlar yog`ishi mumkin. Umuman olganda, may oyida yog`ingarchilik me`yordan kam, ba`zi joylarda me`yor atrofida bo`lishi prognoz qilinmoqda.
«Ammo shuni esdan chiqarmasligimiz joizki, may oyida ob-havo o`zgaruvchandir. Ko`pincha may oyida kuchli jala yomg`irlar yog`adi, bunda bir necha soat ichida oylik yog`ingarchilik me`yorining yarmigacha yoki undan ko`p qismi yog`ishi kuzatiladi», — deyiladi xabarda.
Ta`kidlanishicha, tog`oldi va tog`li hududlarda kuchli jala yomg`irlar yog`ib o`tishi, ayniqsa, xavflidir. Ular sel kabi tabiiy hodisaning shakllanishiga olib kelishi mumkin.
O`zbekistonda meteorologik kuzatuvlar tarixiga ko`ra, juda kamdan-kam hollarda may oyida kunduzgi harorat +13…+18 darajagacha pasayadigan kunlar kuzatiladi. Respublika hududining katta qismida 1989 yilning may oyi boshida kechalari sovuq kuzatilgan. Bu kuzatuvlar tarixidagi eng kechki sovuqlardir.






