Ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar organlari tomonidan bosqinchilik va boshqa og`ir turdagi jinoyatlar bo`yicha tergov harakatlari olib borilayotgan bir nechta gumondorlarga nisbatan go`yoki qiynoqlar qo`llanilganligi haqida turli xabarlar tarqaldi.
Ichki ishlar vazirligi holat bo`yicha rasmiy munlsabat bilan chiqdi.
Ma`lum qilinishicha, 2023 yilning 12 aprel kuni IIV Tezkor qidiruv departamenti Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Toshkent shahar IIBB, Namangan viloyati IIB hamda DXX xodimlari tomonidan Toshkent shahri va Namangan viloyati hududlarida o`tkazilgan tezkor tadbirlar jarayonida bir necha oylar davomida tadbirkorlarga nisbatan tovlamachilik qilib ularni qo`rquv ostida ushlab kelayotgan yirik uyushgan jinoiy guruhning 10 nafar a`zolari qo`lga olingan.
Guruh a`zolarining ilgari og`ir turdagi jinoyatlar bilan bir necha marotaba sudlanganliklari hamda nihoyatda tajovuzkor ekanliklari inobatga olinib, Ichki ishlar organlarining maxsus kuchlari jalb etilgan holda qo`lga olinganlar va zararsizlantirilganlar. Gumondorlarning yonidan, oldidan maxsus tayyorlangan 2 dona o`tkir tig`li jism, bir nechta skotch, Ichki ishlar organlari xodimlarining dala formalari, rezina qo`lqoplar, 0,7 gramm “opiy” giyohvandlik moddasi, tramadol tabletkasi va sport sumkasi daliliy ashyo sifatida olingan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, gumondorlarni boshqa bir qator og`ir jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda. Barchasi o`rnatilgan tartibda himoya bilan ta`minlangan.
Shuningdek, joriy yilning 6 aprel kuni Toshkent shahar IIBB hamda DXX tomonidan Toshkent shahri hududida kuchli ta`sir qiluvchi zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda egallagan fuqaro X.A. qo`lga olish jarayonida qattiq qarshilik ko`rsatganligi sababli, maxsus xizmatlar tomonidan jismoniy kuch ishlatilib qo`lga olingan.
Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 251- prim 1 moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, boshqa og`ir turdagi jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. Gumonlanuvchi prosessual tartibda himoya bilan ta`minlangan.
Shu bilan birga, yuqorida bayon etilgan jinoyat ishlari bo`yicha gumondorlarning ayrimlari muntazam ravishda sport bilan shug`ullanib kelganliklari, ilgari ko`chada turli mushtlashuvlarda qatnashganliklari aniqlangan bo`lib, hozirda uchinchi shaxslar orqali ilgari mavjud bo`lgan jarohatlarini pesh qilgan holda, ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan ishonchsizlik va nosog`lom shov-shuv uyg`otish maqsadi ko`zlanayotganligi haqida ma`lumotlar mavjud.
Har bir holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan o`rganish ishlari olib borilmoqda.






