Prezident Shavkat Mirziyoev sud tizimida “yagona darcha” tizimini joriy etish bo`yicha qonunni imzoladi.
Hujjat bilan jinoyat ishlarini ko`rishda kassasiya instansiyasi sudi tomonidan xususiy ajrim chiqarish asoslari belgilanmoqda (tegishli mansabdor shaxslarning e`tiborini surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi jarayonida yo`l qo`yilgan kamchiliklarga qaratish zarur bo`lgan taqdirda).
Shuningdek, kassasiya shikoyati (protesti) bo`yicha ko`rilayotgan fuqarolik ishini tugatish uchun asoslar ro`yxati belgilanmoqda. Fuqarolik sudiga kiritilgan da`vo arizasi bo`yicha taalluqlilik qoidalari buzilgan taqdirda, mazkur da`vo arizasi sud tomonidan iqtisodiy yoki ma`muriy sudga yuboriladi. Bunda, boshqa suddan da`voni qabul qilib olgan sudning sudyasi, da`vo bo`yicha kamchiliklar aniqlangan taqdirda, 10 kun ichida da`vogarni kamchiliklarni bartaraf etish haqida xabardor qiladi.
Shuningdek, bundan buyon o`zaro bog`liq bo`lgan, ba`zilari fuqarolik ishlari bo`yicha sudga, ba`zilari esa ma`muriy sudga taalluqli bo`lgan bir nechta talabni birlashtirishga yo`l qo`yilmaydi. Endilikda davlat ijrochisining qarori, harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat ma`muriy sudga yoxud bo`ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga beriladi (ilgari iqtisodiy sud bilan bog`liq bo`lgan ijro ishlari bo`yicha shikoyatlar iqtisodiy sudda ko`rib chiqilardi.). Bundan tashqari, iqtisodiy sudlar tomonidan chiqariladigan ijro hujjatlari ijroga uch yil ichida qaratilishi mumkin (ilgari 6 oy ichida).






