29 aprel kuni “Qishloq xo`jaligi, meliorasiya va yo`l-qurilish texnikalaridan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko`rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, 2023 yil 1 iyulgacha “Texnikalar texnik ko`rigi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqiladi.
2023 yil 1 maydan jismoniy va yuridik shaxslarning qishloq xo`jaligi, meliorasiya va yo`l-qurilish texnikalari majburiy yillik texnik ko`rikdan o`tkaziladi.
2023 yil 1 sentyabrdan yuridik shaxs bo`lgan tadbirkorlar jismoniy shaxslarning 100 ot kuchigacha quvvatga ega qishloq xo`jaligi, meliorasiya va yo`l-qurilish texnikalarini texnik ko`rikdan o`tkazish faoliyati bilan shug`ullanishi mumkin.
2023 yil 1 avgustdan qishloq xo`jaligi, meliorasiya va yo`l-qurilish texnikalarini ishlab chiqaruvchi yoki maxsus savdo tashkilotlarida xaridorlarga sotilgan yangi texnikalar uchun “Hisob-ma`lumotnoma” berish amaliyoti joriy etiladi.
2023 yil 1 sentyabrdan qishloq xo`jaligi, meliorasiya va yo`l-qurilish texnikalariga texnik ko`rikdan o`tganligi to`g`risida talon berish amaliyoti bekor qilinadi (xorijiy davlatlarga ishga yuboriladigan texnikalardan tashqari).
Shuningdek, eski namunadagi texnik pasport, texnik guvohnoma, davlat raqami belgisi va traktorchi-mashinist guvohnomasini majburiy tartibda almashtirishning yakuniy muddati 2023 yil 31 avgust etib belgilandi.
Qaror bilan Qishloq xo`jaligi, meliorasiya va yo`l-qurilish texnikalarini davlat ro`yxatidan va qayta ro`yxatdan o`tkazish bo`yicha davlat xizmatlarini ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentga ko`ra, texnikalar Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan davlat ro`yxatidan o`tkaziladi.
Texnikalarni ro`yxatdan o`tkazish bo`yicha davlat xizmatlari Inspeksiya, davlat xizmatlari markazlari va YaIDXP (my.gov.uz) orqali texnika egasi yoki uning vakili so`rovnomasiga asosan amalga oshiriladi.
Texnikalarni davlat ro`yxatidan o`tkazish yoki qayta ro`yxatdan o`tkazishda:
—texnik pasport beriladigan qishloq xo`jaligi, meliorasiya va yo`l-qurilish texnikalari hamda o`ziyurar mashinalarni davlat ro`yxatidan yoki qayta ro`yxatdan o`tkazish uchun – BHMning 20 foizi (66 000 so`m) miqdorida;
—texnik guvohnoma beriladigan qishloq xo`jaligi, meliorasiya va yo`l-qurilish mashinalari, agregatlari va asbob-uskunalarini davlat ro`yxatidan yoki qayta ro`yxatdan o`tkazish uchun – BHMning 18 foizi (59 400 so`m) miqdorida yig`im undiriladi.






