AsosiyJamiyat

Misr hukumati O`zbekistonga gepatit S ga qarshi dori vositalarini yubordi

'Misr hukumati O`zbekistonga gepatit S ga qarshi dori vositalarini yubordi'ning rasmi

Joriy yilning 29 aprel kuni Misr hukumati tomonidan mamlakatimiz shifoxonalarida foydalanish uchun insonparvarlik yordami sifatida ajratilgan, dunyoda keng tarqalgan kasalliklardan biri – S gepatitiga qarshi "Daklatasvir" dori vositasining dastlabki partiyasi Toshkent xalqaro aeroportida kutib olindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

Ma`lum qilinishicha, O`zbekistonning Qohiradagi elchixonasi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur yukning yurtimizga olib kelinishi O`zbekiston va Misr o`rtasida sog`liqni saqlash sohasida hamkorlikni yanada jadallashtirish, virusologiyada o`zaro qo`llab-quvvatlashni tashkil etish doirasida avval erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasidir.

Umumiy qiymati 35 ming AQSh dollarini tashkil etgan 17 ming qutidan ortiq "Daklatasvir" dori vositasi O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlar uchun ishlatiladi.

Ta`kidlash kerak, O`zbekiston va Misr sog`liqni saqlash idoralari 2023-2024 yillar davomida umumiy qiymati 4,8 million dollarlik jami 800 ming dona (40 tonnaga yaqin) S gepatitiga qarshi "Daklatasvir" va "Sofosbuvir" dori vositalarini yurtimizga bepul etkazib berish bo`yicha  kelishuvga  erishgan.

    Boshqa yangiliklar