Mamlakat chempionati doirasida “Al-Nasr” va “Al-Hilol” (0:2) jamoalari o`rtasidagi o`yinning tanaffus vaqtida mehmon jamoa muxlislari hujumchini g`azablantirdi. Muxlislarning “Messi, Messi!” degan qichqirig`iga javoban Ronaldu ularga odobsiz ishora ko`rsatdi.
Xalqaro huquq bo`yicha ixtisoslashgan saudiyalik advokat Nouf bin Ahmad Krishtianuni hibsga olish va mamlakatdan deportasiya qilish bo`yicha sudga ariza berganini tasdiqladi.
"Olomon Ronalduni g`azablantirsa ham, u noto`g`ri munosabatda bo`ldi. Krishtianuning xatti-harakati jinoyat, bu behayolik. Bu xorijlik fuqaro tomonidan sodir etilgan bo`lsa, hibsga olinishi va deportasiya qilinishiga olib keladigan jinoyatlardan biridir", — dedi bin Ahmad.
Bundan tashqari, Ronalduning xatti-harakati Saudiya Arabistonining eng mashhur “Action ya Dawri” sport dasturida muhokama qilingan. “Al-Nasr”dagi manbalar bilan bog`langan dastur boshlovchisining aytishicha, Krishtianu bu ishorani o`yin davomida jinsiy a`zosiga zarba olgani uchun qilgan.
Sport jurnalisti Ozman Abu Bakr futbolchining xatti-harakatlarini “tomoshabinlarga nisbatan axloqsiz va qo`pol ishora” deb atadi va shartnomani buzishga chaqirdi.






