AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Samarqandda migrantlar uchun ikkinchi resurs markazini ochdi. Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Odam savdosiga qarshi kurashish bo`yicha Samarqand quyi komissiyasi va «Istiqlol avlodi» nodavlat tashkiloti hamkorligida migrantlar va ularning oilalari uchun ikkinchi axborot-maslahat markazini ochdi. Markaz mehnat migrantlarini chet elda odam savdosi jabrlanuvchisiga aylanishining oldini olish uchun axborot bilan ta`minlaydi. Shuningdek, qaytib kelgan migrantlar va ularning oila a`zolariga huquqiy maslahatlar berib, kasb-hunar ta`limini tashkil qiladi va psixologik xizmat ko`rsatadi.
Markazning ochilish marosimida so`zga chiqqan USAID’ning O`zbekistondagi missiyasi demokratiya va boshqaruv bo`limi direktori Fey Xazelkorn USAID, O`zbekiston hukumati va fuqarolik jamiyati hamkorligi haqida iliq fikrlar bildirdi.
«Markaz ‘NNTlar uyi’da joylashgan bo`lib, migrantlar, ularning oilalari va odam savdosidan omon qolganlarni ham fuqarolik jamiyati, ham hukumat ko`rsatishi mumkin bo`lgan xizmatlardan foydalanishiga yordam beradi», — deya qo`shimcha qildi Xazelkorn.
Ma`lumot uchun, 2022 yilning mart oyida USAID Jizzaxda migrantlar va migrantlarning oilalari uchun birinchi axborot-maslahat markazini ochgan edi. O`shandan beri Jizzax markazi odam savdosining potensial jabrlanuvchilari va migrantlar oilalarining 120 ga yaqin murojaatini ko`rib chiqdi va odam savdosidan jabr ko`rgan 16 kishiga vatanga qaytishda yordam ko`rsatdi. Qolgan barcha murojaat etuvchilarga maslahatlar berilib, yuridik va ijtimoiy xizmatlar ko`rsatildi.
Ushbu resurs markazlari Winrock International tomonidan amalga oshirilayotgan USAID’ning Markaziy Osiyoda xavfsiz migrasiya dasturining bir qismidir. Dastur odam savdosining oldini olishga, odam savdosidan jabrlanganlarni himoya qilishga va xabardorlikni oshirish orqali xavfsiz migrasiyani targ`ib etishga qaratilgan.






