Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar portaliga joylashtirilgan hukumatning "Ish haqini natura shaklida to`lashni tartibga solish va ish haqi oyiga bir marta to`lanadigan xodimlarning ayrim toifalarini belgilash to`g`risida"gi qaror loyihasi turli talqinlarda muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Unda O`zbekistonda ish haqining bir qismini natura shaklida, ya`niy qishloq xo`jaligi mahsulotlari bilan to`lash belgilangan. Muhokamalarda odamlar endi mansabdorlar bu tartibni ham suiste`mol qilishib, kartoshka, piyozning narxini qimmat narxda hisoblab, oylik maoshga o`tkazishlaridan xavotirlarini bildirishgan.
Ushbu xabarlar yuzasidan Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligi quyidagilarni ma`lum qildi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 256-moddasi to`rtinchi qismiga ko`ra mehnatga natura shaklida haq to`lash taqiqlangan, bundan O`zbekiston Mahkamasi tomonidan belgilangan hollar mustasno ekanligi belgilangan.Qaror loyihasida ushbu mustasno holatlar belgilanmoqda, ya`ni:
Qishloq xo`jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan etishtirilgan va qayta ishlangan qishloq xo`jaligi mahsulotlari;
- uy ishchisini oziq-ovqat va uy-joy bilan ta`minlash uchun.
Mazkur holatda faqat:
- Qishloq xo`jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari bo`lgan ish beruvchilar tomonidan o`zlari etishtirilgan va qayta ishlangan qishloq xo`jaligi mahsulotlarini o`zlarining xodimlariga;
- O`ziga xizmat ko`rsatilishi va uy xo`jaligini yuritishda yordamlashish maqsadida uy xizmatchilarini yollagan ish beruvchilar tomonidan uy ishchilariga oziq-ovqat va uy-joy bilan ta`minlanishi mehnatga natura shaklida haq to`lashga ruxsat etilishi mumkin.
Bunda, quyidagi talablar mavjud bo`lishi belgilanmoqda:
- Xodim rozi bo`lishi, ya`ni ish haqini natura shaklida to`lash mehnat sharnomada ko`rsatilishi;
- Xodimning oylik ish haqining 30 foizidan ortiq bo`lmasligi;
- xodim shaxsiy iste`moli va uning oilasi uchun mos va foydali bo`lishi;
- Qishloq xo`jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan taqdim etilayotgan tovar narxi uning tannarxidan yuqori bo`lmasligi;
- Uy ishchisining ish beruvchilari tomonidan taqdim etilayotgan tovar haqiqiy bozor narxidan yuqori narxda taqdim etilmasligi lozim.
Loyiha bo`yicha ish haqini natura shaklida haq to`lash mumkin bo`ladigan holatlar faqatgina yuqorida ko`rsatilgan 2 ta holatda ruxsat etilishi mumkin boshqa sohalarda va boshqa xodimlar toifalariga ish haqini natura shaklida to`lash taqiqlanadi.






