AsosiyJamiyat

Aziz Abduhakimov mas`ullarni daraxtlarni asrab-avaylashga chaqirdi

'Aziz Abduhakimov mas`ullarni daraxtlarni asrab-avaylashga chaqirdi'ning rasmi

Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov barcha hududlardagi mas`ullarga shikastlangan daraxtlarga yordam berish, ya`ni har bir qulagan daraxtni asrab-avaylab, tiklash maqsadida tayanch tirgaklari o`rnatishga doir topshiriq berilganini ma`lum qildi. Bu haqda vazir o`zining telegram kanalida yozdi

"Shu kunlarda O`zbekistonda kuzatilayotgan kuchli qor yog`ishi va past harorat, afsuski, ko`kalamzorlashtirishga, ayniqsa, ignabargli daraxtlarning ayrim turlari va keng bargli daraxtlarning yosh ko`chatlariga salbiy ta`sir ko`rsatdi. Tuproqning namlik bilan haddan tashqari to`yinganligi, shuningdek, mo`l-ko`l qor massasi tufayli daraxtlar qattiq egilib, ularning aksariyati qulaganiga guvoh bo`lyapmiz. Shaharlarimiz ko`chalaridagi yashil maydonlar respublikamizning bebaho ekologik, rekreasion va imidj boyligi ekanligini alohida ta`kidlamoqchiman.

Ma`lumki, minimal miqdordagi o`simliklarga ega bo`lgan urbanizasiyalashgan muhit fuqarolarning jismoniy va ruhiy farovonligiga ta`sir ko`rsatadi, charchoq, asab tizimining buzilishini keltirib chiqaradi, qariyalar, bolalar, homilador ayollarning sog`lig`iga jiddiy tahdid solishi mumkin va umuman, har bir insonning jismoniy holatiga salbiy ta`sir qiladi".

Shuningdek, Orol fojiasi tufayli yanada kuchaygan quruq, issiq iqlim sharoitida har bir daraxt, har bir buta ekologik muvozanat va fuqarolar salomatligi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini qo`shimcha qildi.

"Shu bois, barcha hududlardagi mas`ullarga shikastlangan daraxtlarga yordam berish, ya`ni har bir qulagan daraxtni asrab-avaylab, tiklash maqsadida tayanch tirgaklari o`rnatishga doir topshiriq berildi.

Fursatdan foydalanib, qorli kunlarda daraxtlar taqdiriga befarq bo`lmagan yurtdoshlarimiz va tabiatni asrashga doir aksiyalar o`tkazayotgan tashkilotlarga o`z minnatdorchiligimni bildiraman. Shuningdek, barcha fuqarolarimizni uylari yaqinidagi va mahallalaridagi qulagan daraxtlarni imkon doirasida tiklashga chaqiramiz. Bundan tashqari, O`zbekiston hududida mavjud qushlarga g`amxo`rlik qilish, ularga don ulashish va uyalar qurishga chorlab qolamiz.

Shu yo`l bilan biz tabiat resurslarimizni asrab, shaharlarimizni yanada obod bo`lishiga o`z hissamizni qo`shgan bo`lamiz", — dedi vazir.

    Boshqa yangiliklar