AsosiyJamiyat

O`zbekistonda anomal sovuq kunlari barcha xodimlarning onlayn ishlashiga ruxsat berish taklif qilindi

'O`zbekistonda anomal sovuq kunlari barcha xodimlarning onlayn ishlashiga ruxsat berish taklif qilindi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, "O`zgidromet" kelayotgan haftada O`zbekistonda -27 darajagacha sovuq ob-havo kuzatilishini bashorat qildi. Ushbu xabar ortidan “Yuksalish” harakati ham o`z takliflarini bildirdi.

Harkatga ko`ra, barcha ish beruvchilar — ham davlat, ham xususiy sektor ish jarayonlarini tashkil etishni chuqurroq ko`rib chiqishlari kerak. Mehnat sharoitlari bilan tanishib chiqib, xodimlarni qulay harorat rejimi bilan ta`minlash zarur.  Agar xodimlarning ish joyida bo`lishiga ehtiyoj bo`lmasa, ular onlayn ishlashiga ruxsat berilishi kerak. 

“Yuksalish” harakati onlayn formatda ham berilgan vazifalarni samarali bajarish mumkinligi pandemiyada isbotlanganini keltiradi. Qolaversa, bu yo`llarni tirband qilmasdan, qor va muzlardan tozalab olinishiga sharoit yaratadi.

Ta`kidlanishicha, “Yuksalish” harakati jamoasi 9—15 yanvar kunlari masofadan ishlashga o`tmoqda. Markaziy idora joylashgan binoning isitish tizimidagi qiyinchiliklar sababli shunday qarorga kelingan. Hududiy bo`linmalar ham onlayn formatga o`tmoqda.

Shuningdek, ish soatlarini, ayniqsa, ochiq havoda ishlaydiganlar uchun qisqartirish ham maqsadga muvofiq. Imkon qadar xodimlar uchun issiq ichimliklar tashkil qilish, sovuqqotish holatlarining oldini olish uchun tanaffus berish yoki o`rin almashtirish ham foydadan xoli emasligi qayd etilmoqda.

Bundan tashqari, yirik savdo va aholiga xizmat ko`rsatish markazlarida issiq choy berishni tashkil qilish, jamoat transportining uzluksiz harakatlanishini ta`minlash zarurligi ta`kidlanmoqda.

Eslatib o`tamiz, ob-havo haroratining keskin tushib ketishi sababli barcha bo`g`indagi ta`lim muassasalarida qishki ta`til kunlari uzaytirildi. Shu munosabat bilan farzandi MTTga borayotgan byudjet tashkilotida ishlaydigan ayollarning ish haqqi kamaytirilmagan holda ish vaqtini qisqartirish belgilandi.Ushbu xabarga munosabat bildirgan Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov  ayollarning ish vaqtini qisqartirish taklifini ilgari surdi. 

    Boshqa yangiliklar