AsosiyJamiyat

Navoiyda ayol YPX xodimlariga "tashlanib", ishdan bo`shatib yuborish bilan do`q-po`pisa qildi

'Navoiyda ayol YPX xodimlariga "tashlanib", ishdan bo`shatib yuborish bilan do`q-po`pisa qildi'ning rasmi

Bu voqea aslida 2022 yilning 20 avgust kuni tungi soat 3:30 lar atrofida sodir bo`lgan. O`sha kuni tungi xizmatga jalb etilgan YPX xodimlari "Nexia" rusumli 85 D 334 FA davlat raqamli avtomashinani to`xtatib, haydovchidan avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini taqdim etishini so`rashadi. Voqea tafsilotlari haqida "Xalq so`zi" xabar bermoqda.

Haydovchi so`ralgan hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortgach, holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksining 194-moddasiga (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) asosan bayonnoma rasmiylashtiriladi.

Qoidabuzar haydovchi javobgarlikdan qochish maqsadida voqea joyiga tanish ayolni chaqiradi. Ayol YPX xodimlarini kurakda turmaydigan so`zlar bilan haqoratlab, ishdan bo`shatib yuborish bilan do`q-po`pisa qiladi va bir necha bor tan jarohati etkazish maqsadida xizmat vazifasini o`tayotgan xodimlarga qo`l ko`taradi.

Mazkur holat yuzasidan qo`zg`atilgan jinoyat ishi jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy shahar sudida ko`rib chiqilib, da`vogarning da`vosi yo`qligi, ayolning qaramog`ida voyaga etmagan farzandi borligi, aybidan pushaymonligi inobatga olingan holda unga nisbatan uzil-kesil 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

 

    Boshqa yangiliklar