2022 yilda O`zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz elektron savdo tizimida 304,1 mlrd so`mlik 118 mingdan ziyod avtoraqamlar shaffof onlayn-auksionlar orqali sotildi. Bu haqda “O`zRTXB” AJ PR bo`limi xabar berdi.
Tuzilgan bitta bitimning o`rtacha qiymati 2,6 mln so`mni tashkil etgan. Sotilgan avtoraqamlarning 91% jismoniy shaxslar, 9% - yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan. O`tgan davrda sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi 494,9 ming so`mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa – 348,0 mln so`mni tashkil qildi.
Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 5% birinchi toifadagi avtoraqamlar, 8% – ikkinchi, 8% – uchinchi, 11% – to`rtinchi, 22% – beshinchi va 46% – oltinchi toifa avtoraqamlarga to`g`ri kelgan.
Hududlar kesimida eng ko`p avtoraqamlar Toshkent shahri va Toshkent viloyati (31%) Samarqand va Qashqadaryo (8% dan), Namangan, Andijon va Surxandaryo (7% dan), hamda Xorazm (6%) viloyatlarida xarid qilingan.
Eslatib o`tamiz, avtoraqamlarni onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablag`larning 80% – O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga, 20% – O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag`batlantirish va boshqa xarajatlar Maxsus jamg`armasiga yo`naltiriladi.






