AsosiyJamiyat

O`zbekistonda 2022 yilda avtomobil yo`llarida 12 mlrd so`mlik sifatsiz ishlar bajarilgani aniqlandi

'O`zbekistonda 2022 yilda avtomobil yo`llarida 12 mlrd so`mlik sifatsiz ishlar bajarilgani aniqlandi'ning rasmi

AOKAda o`tkazilgan brifingda “O`zyo`linspeksiya” axborot xizmati rahbari Komiljon Shamsiddinov yo`l qurilishi sohasida aniqlangan qoidabuzarliklar va ko`rilgan qonuniy choralar haqida ma`lumot berdi.

“O`zyo`linspeksiya” tomonidan joriy yil 11 oyi davomida – yo`l qurilishi ob`ektlari, sun`iy inshootlar (ya`ni ko`prik va yo`l o`tkazgichlar) hamda yo`l-qurilish materiallari ishlab chiqarish bo`yicha 5461 ta ob`ektda nazorat o`tkazildi.

Natijada 7617 ta qoidabuzilish holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish uchun buyurtmachi, pudratchi, loyihachi va saqlovchi tashkilotlarga – 4608 ta bajarilishi majburiy ko`rsatma berildi. 7 yarim mingdan ortiq qoida buzilish bartaraf etildi.

Alohida aytish kerakki, inspeksiya tomonidan 11 oy ichida 231 ta holat bo`yicha umumiy summasi 12 mlrd. 249 mln. so`mlik – umuman sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlari hajmini to`lovdan chiqarish bo`yicha – buyurtma bergan tashkilotlarga talabnomalar kiritildi. Shundan 9 mlrd. 210 mln. so`mdan ortiq 210 ta talabnoma ijrosi ta`minlandi. Soddaroq tushuntirsak, shuncha miqdorga baholangan, lekin amalda sifatsiz bajarilgan qurilish va ta`mir ishlari – pudratchi, ya`ni quruvchilarning o`z mablag`lari hisobidan me`yoriy hujjatlar talablari asosida qayta bajartirildi.

Darvoqe, yo`l qurilish ob`ektlarida qo`pol ravishda qoidabuzilishlarga yo`l qo`ygan va davlat inspektorlari tomonidan berilgan ko`rsatmalarni muddatida bartaraf etmagan mansabdor shaxslarga nisbatan – “Ma`muriy javobgarlik to`g`risida”gi Kodeksning 99- va 147-moddalariga ko`ra, 209 ta ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sudlarga yuborildi va qariyb 292 mln. so`mlik jarima undirilishi bo`yicha sud qrorlari qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar