Iqtisodiyotimiz barqaror rivojlanishi uchun, energetika sohasiga 25-30 milliard dollar investisiya kerak. Prezident murojaatnomasida qayd etilishicha, bunga faqatgina xususiy investisiyalarni jalb qilish orqali erishish mumkin.
Shu bois, so`nggi uch yilda sohaga 8 milliard dollarlik to`g`ridan-to`g`ri investisiyalar jalb qilindi. Jumladan, o`tgan haftada Buxoro, Namangan va Xorazmda quvvati 500 megavattli yana 3 ta quyosh stansiyalarini qurish bo`yicha tanlov yakunlandi.
"Ochiq aytish kerak, energetika sohasidagi muammolar bugun paydo bo`lib qolgani yo`q. Ko`p yillar davomida yangi gaz konlariga investisiya kiritilmagani, elektr va gaz tarmoqlari modernizasiya qilinmagani ham, ayni haqiqat. Oqibatda, tizimda aniq hisob-kitob yo`qligi, katta yo`qotishlar oddiy holga aylanib qolgan edi. Shu bilan birga, so`nggi olti yilda aholimiz 12 foizga, sanoat korxonalari esa 2 barobarga ortib, 45 mingdan 100 mingtaga ko`paydi. Natijada, elektr energiyasiga talab kamida 35 foizga oshdi va yildan-yilga ko`payib bormoqda", — Prezident.
Qayd etilishicha, yil boshidan quvvati 1,5 ming megavattli 7 ta elektr stansiyasini ishga tushirildi. Kelasi yilda yana 4,5 ming megavattli 11 ta yirik loyiha yakuniga etkaziladi. Jumladan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Farg`ona va Toshkent viloyatlarida barpo etiladigan quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobiga, qo`shimcha 14 milliard kilovatt elektr ishlab chiqariladi. Bu orqali, xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga ko`payadi.
"Ochiq aytish kerak, ko`p iqtisodchilar energetika sohasida erkin bozorga o`tishni taklif qilmoqda. Bu – to`g`ri yo`l. Men ham buni xohlayman. Lekin, xalqimizning jon boshiga daromadi, ijtimoiy himoyasini o`ylab, bu sohadagi islohotlarni shoshmasdan, bosqichma-bosqich qilishimiz kerak. Eng muhim masala – energiya resurslaridan samarali foydalanish. Afsuski, iqtisodiyotimizda energiya sarfi boshqa davlatlardan 2 barobar yuqori. Shuning uchun, energiya samaradorligini oshirish Milliy dasturini qabul qilamiz. Energetika sohasida erkin bozorga o`tishimiz shart. Agar erkin bozorga o`tmasak, bizga investor kelmaydi", — dedi Prezident.
Ta`kidlanishicha, 2023 yil O`zbekiston iqtisodiyotida energiyani iqtisod qilish yili bo`ladi.
"Bu bo`yicha shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilmaymiz. Lekin odamlarni rozi qilib, erkin bozor yo`nalishiga o`tamiz", - dedi Shavkat Mirziyoev.






