Avval xabar berilganidek, ayni daqiqalarda davlat rahbari Parlament va O`zbekiston xalqiga murojaat qilmoqda.
"Jonajon O`zbekistonimiz milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qo`ymoqda. Hayotimizning barcha jabhalarida ulkan o`zgarishlar yuz bermoqda. Behisob shukur, bu yil aholimiz 36 milliondan oshdi. Har yili safimizga qariyb 900 ming yangi avlod qo`shilmoqda. O`zbekiston deb atalmish katta va inoq oilaning har bir a`zosi tinch va farovon hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish uchun tinimsiz izlanayapmiz. Yakuniga etayotgan 2022 yil – g`oyat murakkab va sinovli yil bo`ldi, desam, har tomonlama to`g`ri bo`ladi. Ushbu davrda to`plagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol isbotlab bermoqda: taraqqiyot – faqat va faqat jasoratli mehnat orqali bo`ladi!"- dedi davlat rahbari.
Qayd etilishicha, keng ko`lamli va samarali islohotlar natijasida, yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshdi. Taqqoslaganda, 2018 yilda 52 milliard dollar bo`lgan.
"Iqtisodiyotimizga shu yilning o`zida 8 milliard dollar to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar kirib keldi, eksportimiz esa, 19 milliard dollarga etdi (2018 yilda 14 milliard dollar bo`lgan). Bunday katta natijalar ilgari bo`lmagan", — deya qayd etdi O`zbekiston Prezidenti.






