AsosiyJamiyat

Tanzila Narbaevaning qizining uyidan 12,5 ming AQSh dollari o`g`irlandi. Gumondorga IIB xodimlari tomonidan kuch ishlatilgani aytilmoqda

'Tanzila Narbaevaning qizining uyidan 12,5 ming AQSh dollari o`g`irlandi. Gumondorga IIB xodimlari tomonidan kuch ishlatilgani aytilmoqda'ning rasmi

Bugun ijtimoiy tarmoqlar va bir nechta internet nashrlarida Senat raisi Tanzila Narbaevaning Do`rmondagi uyiga o`g`ri tushgani, 12 500 dollar o`g`irlangani, gumonlanuvchi shu vaqtning o`zida 15 daqiqa ichida ushlanib, 15 daqiqada sud qilinib, qamoqqa olingani haqidagi xabarlar tarqadi. Jabrlanuvchi, Mirzo Ulug`bek tumanida istiqomat qiluvchi  N.K. holat bo`yicha tafsilotlarni ma`lum qildi. Bu haqda “human” nashri xabar qildi

Ma`lum bo`lishicha, gumonlanuvchi 37 yoshli D.T. Mirzo Ulug`bek tumanida joylashgan, maxsus qo`riqlovga olingan Do`rmon kompleksidagi 22-uyda enaga sifatida ishlab kelgan. U 2 noyabrdan 6 noyabrgacha bo`lgan navbatchilik vaqtida uydagi javon ichidan uy bekasiga tegishli 12,5 ming dollarni yashirin ravishda talon-toroj qilganlikda gumon qilingan. Va 2022 yil 26 noyabr kuni gumonlanuvchi sifatida jinoyat ishiga jalb etilgan. Gumonlanuvchiga 2022 yilning 2 dekabr kuni Mirzo Ulug`bek tumani prokurori iltimosnomasi bilan Jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tumani sudi ajrimiga muvofiq qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

“Daryo.uz” nashriga ko`ra, gumonlanuvchi ayol 2022 yilning 7 dekabr kuni soat 15:50 da huquqni muhofaza qiluvchi organ, manbalarning ma`lumot berishicha Toshkent shahar prokuroriga ariza yozib, 2022 yil 2 dekabrdan gumonlanuvchi sifatida Toshkent shahar IIBBning vaqtincha saqlash xonasida ushlab turilganini, 5 dekabr kuni soat 6:00 larda esa Dilmurod ismli tergovchi hamrohligida vaqtincha saqlash binosining to`rtinchi qavatiga olib chiqilib, aybini bo`yniga olishi uchun qiynoqqa solinganini ma`lum qilgan.

"2022 yil 5 dekabr kuni soat 6:00 larda meni Dilmurod tergovchi xonasiga olib bordi. U erda Mirzo Ulug`bek tuman IIB Jinoyat qidiruv bo`limi xodimi Bekzod kelib, Dilmurodni tergov bo`limi xodimi deb aytdi. Dilmurodning xonasi to`rtinchi qavatga olib chiqdi. U erda menga avval yaxshi gapirishdi, keyin Bekzod menga baqirdi va chap oyog`imni oyog`i bilan bosdi. Keyin menga jismoniy mashqlar qildirdi va jismoniy zarar etkazdi. Elkamga, qo`limga musht qilib urdi. Keyin menga hozir kiyimingni ech, rasmga olib eringga jo`nataman, deb majburladi. Men ulardan bu ishni qilmasligini so`radim.

Hozirda kasal ekanimni aytdim. Keyin ular buni inobatga olib, o`tqazishdi va qo`limga qog`oz tutqazishdi. Ular menga o`g`rilikni bo`yningga ol, 100 dollar olgan bo`lsang ham yoz deyishdi. Ular shunday qilsam, meni chiqarib yuborishlarini aytishdi. Men esa pul olmaganimni aytdim. Ular shundan keyin sen bilan ertaga gaplashamiz, deyishdi, — deyiladi gumonlanuvchi ayolning Toshkent shahar prokuraturasiga yozilgani aytilgan arizasida.

    Boshqa yangiliklar