Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov Qarshi davlat universitetida bo`lib, oliygohning 8-talabalar turar joyini va Tibbiyot fakulteti binosini tantanali ochilish marosimidan so`ng faollar zalida talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot qildi.
Muloqotda talabalardan biri sohaga qiziquvchi ko`ngilli talaba-yoshlardan iborat tanqidlarga javob qaytaruvchi "Yosh blogerlar" jamosini tuzish va ular uchun zarur bo`ladigan moddiy-texnika vositalari bilan ta`minlash taklifini bildirdi. Viloyat hokimi esa talabani hokimlikka ishga qabul qildi. Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab bo`ldi.
Qashqadaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati holat bo`yicha rasmiy munosabat bilan chiqdi. Unga ko`ra:
— Viloyat hokimi talaba-qizning boshqa masalalarda ham bergan fikrlari, muloqot davomida faol bo`lganligini hisobga olib, viloyat hokimligiga ishga qabul qilishini aytdi. Ya`ni, agar talaba ishga qabul qilingan taqdirda ham lavozimi doirasidagi ishni olib boradi. Masalan, hokimlikning ijtimoiy bo`limiga ishga o`tsa, ta`lim va sog`liqni saqlash sohasida, turizm bo`limiga ishga o`tsa, turizm sohasini rivojlantirish borasida ish olib boradi.
Viloyat hokimi tomonidan talaba-qizga ish taklif qilingani –yoshlarga berilayotgan e`tibor, ularning intilish, tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash va shu orqali, boshqa yoshlarga ham motivasiya berishdan iborat. Bu o`rinda, shuni alohida ta`kidlash lozimki, yoshlar, xususan, talabalarni ishga joylashtirish, ularning qo`shimcha daromad topish bo`yicha tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash doimo viloyat hokimining e`tiborida bo`lib kelmoqda.
Xususan, joriy yilning 11 oyi davomida hozirda talaba sifatida kunduzgi bo`limda o`qiyotgan 3 mingga yaqin yoshlarni ishga joylashtirilgani bu borada olib borilayotgan ishlarning yaqqol namunasidir.






