AsosiyJamiyat

Shifokorlarning faoliyatiga to`sqinlik qilganlar o`n besh sutkagacha qamalishi belgilanmoqda

'Shifokorlarning faoliyatiga to`sqinlik qilganlar o`n besh sutkagacha qamalishi belgilanmoqda'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boshlandi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar qilmoqda. 

Majlisda deputatlar  dastlab “Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to`sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi o`qishda ko`rib chiqishdi.

Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilikda xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga nisbatan turli shaklda qonunga xilof ravishda ta`sir o`tkazganlik, tibbiy yordam ko`rsatish bilan bog`liq faoliyatiga to`sqinlik qilganlik uchun to`g`ridan-to`g`ri javobgarlik belgilanmagan. Bu kabi omillar esa amaliyotda turli muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Ushbu hujjatda tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to`sqinlik qilish bilan bog`liq holatlarda javobgarlik, mazkur ishning taalluqliligi va uni ko`rib chiqish muddatlari o`z aksini topmoqda. Xususan, tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to`sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta`sir o`tkazish uchun ma`muriy javobgarlik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan etti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — etti baravaridan o`n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o`n besh sutkagacha muddatga ma`muriy qamoqqa olish belgilanmoqda.

 Deputatlarning ta`kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilishga va ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini olish, fuqarolarga o`z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko`rsatilishiga xizmat qiladi.

Qizg`in muhokamalardan so`ng, qonun loyihasi qabul qilindi.

 

    Boshqa yangiliklar