Adliya vazirligi tomonidan sudlarga murojaat qilinganda to`lanadigan davlat bojlarining miqdorlarini kamaytirish bo`yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi hamda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Unda qayd etilishicha, sud ish yuritishni taraflar kelishuv bitimi tuzganligi sababli tugatganda, to`langan davlat bojining 50 foizi qaytarilishi belgilanmoqda (oldin davlat boji qaytarilmas edi). Shuningdek, fuqarolik ishlari bo`yicha sudga mulkiy tusdagi da`vo arizalar bilan murojaat qilinganda jismoniy shaxslar da`vo bahosining 1 foizi, yuridik shaxslar esa 2 foizi miqdorida davlat boji to`laydi (avval jismoniy va yuridik shaxslar bir xil miqdorda davlat boji to`lashgan).
Bundan tashqari, iqtisodiy sudlarda mulkiy tusdagi da`vo arizalaridan undiriladigan davlat bojlarining tabaqalashtirilgan miqdorlari belgilanmoqda. Bunda da`vo bahosining 2 foizidan 0,5 foizigacha tabaqalashtirilgan miqdorlar belgilanmoqda. (oldin 2 foiz miqdorida davlat boji undirilar edi).
Xabarda keltirilishicha, yuridik shaxslar hamda tadbirkorlik subektlariga ham ma`muriy sudlarga ariza berishida davlat boji stavkasi 2 baravarga kamaytiriladi. Mulkiy tusdagi da`vo arizalarga ham sud tomonidan ko`rib chiqilganligi uchun undiriladigan davlat bojlarining yuqori miqdorining chegarasi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, soliq organlari qarori ustidan ariza (shikoyat) manfaatdor shaxsga o`zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to`g`risida ma`lum bo`lgan paytdan e`tiboran uch yil ichida sudga berilishi mumkin.






