Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida yashovchi, 1995 yilda tug`ilgan R.S. ismli erkak 29 yoshli asli jizzaxlik bo`lgan, hozirda Nurafshon shahrida yashovchi, turmushidan ajrashgan K.T. ismli ayol qarindoshi hamda xorijda yashovchi ayol sheriklari bilan kelishgan holda qizlarni fohishalik bilan shug`ullantirish uchun Indoneziya davlatiga yuborishni reja qilishadi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati "Darakchi.uz"ga xabar berdi.
Bu maqsadda xorijda yashovchi ayol ijtimoiy tarmoqlar orqali Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi 2 nafar qizni yollaydi.
Ular uchun aviachiptalar hamda tegishli viza hujjatlarini rasmiylashtirib, elektron shaklda R.S.ga yuboradi.
O`z navbatida R.S. qizlarni Ohangaron shahrida kutib olib, o`zinig yashash xonadoniga olib keladi.
K.T. esa qizlarga xorijda nima ish bilan shug`ullanishlari bo`yicha tushunchalar beradi hamda aeroportda foydalanishlari uchun PSR test ma`lumotlarini qalbakilashtiradi.
DXX va IIV xodimlari tomonidan Toshkent xalqaro aeroportida o`tkazilgan tezkor tadbirda ularning noqonuniy faoliyatiga chek qo`yildi.
Holat yuzasidan R.S. va K.T.larga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borildi.
Jinoyatlari ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudi tomonidan R.S. va K.T.lar Jinoyat Kodeksining 25,135- va 228-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.






