Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Tibbiyot xodimining faoliyatiga to`sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi ko`rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Statistik ma`lumotlarga ko`ra, 2019-2022 yillarda respublikada 285 dan ortiq holatda tibbiyot xodimlariga nisbatan turli shakldagi tajovuzlar qilingan.
Qonun loyihada quyidagilar nazarda tutilmoqda:
“Fuqarolar sog`lig`ini saqlash to`g`risida”gi qonun yangi modda bilan to`ldirilib, unda "tibbiy faoliyat", “tibbiyot xizmat” va “tibbiy yordam” tushunchalarini ochib berishga qaratilgan o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda.
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks alohida 197-7-modda bilan tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to`sqinlik qilish bilan bog`liq holatlarda javobgarlikni, mazkur ishning taalluqliligi va uni ko`rib chiqish muddatlarini belgilash nazarda tutilmoqda.
Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to`sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta`sir o`tkazish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan etti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — etti baravaridan o`n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o`n besh sutkagacha ma`muriy qamoq jazosi qo`llanilishi belgilab qo`yilmoqda.
Deputatlarning ta`kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilish va ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini olishga, shifokorlik kasbining maqomi va nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Majlisda deputatlar qonun loyihasini birinchi o`qishda qabul qildilar.






