AsosiyJamiyat

Onlayn-NKT cheklarini tahrirlashga ruxsat berildi 

'Onlayn-NKT cheklarini tahrirlashga ruxsat berildi 'ning rasmi

Soliq to`lovchilardan kelib tushayotgan murojaatlarni inobatga olgan holda, “Soliqchi-ko`makchi” tamoyili asosida, bugundan boshlab 20 kun davomida 2022 yil 1 yanvardan (1 yanvar ham kiradi) xato chop etilgan onlayn-NKT cheklarini tahrirlashga imkoniyat berildi. Bu haqda SDQ  matbuot xizmati xabar berdi.

Buning uchun soliq to`lovchining my.soliq.uz saytidagi shaxsiy kabinetida “YuSh onlayn-NKM va virtual kassa ma`lumotlari” sahifasidan  “Tahrirlash” bo`limiga kiriladi. Qidiruv tizimiga chekning fiskal modul ID va raqamini kiritib tuzatiladigan chek topiladi. Ochilgan oynada chek ma`lumotlari tahrirlanadi. 

Xususan, chek ma`lumotlarini tahrirlashda quyidagilarni o`zgartirish mumkin:
- MXIK;
- miqdori;
- o`lchov birligi;
- chek summasi;
- komitent STIRi; 
- to`lov turi (naqd pul yoki bank karta).

 Barcha o`zgartirishlar kiritilgandan so`ng, faqat bitta fayl – tadbirkorlik subektining holat yuzasidan batafsil tushuntirishi bayon etilgan rasmiy xati (muhrlangan firma blankida) ilova qilinishi lozim.

"Tuzatish kiritish uchun yuborilgan cheklar hududiy davlat soliq boshqarmasida tuzilgan ishchi guruhi bilan kelishilgan holda tezkorlik bilan o`rganiladi.
 Ko`rib chiqish natijasi ijobiy deb baholansa, chek holati "qabul qilingan"ga o`zgaradi. 
 Rad etilgan taqdirda soliq organining izohiga ko`ra, tuzatishlar kiritilib qayta yuborilishi lozim.
Yakunda, “Hisoblash” va “Jo`natish” tugmasi bosiladi" deyiladi xabarda.

Istisno: iste`molchilarga xarid summasidan 1 % qaytarilgan (keshbek) cheklar tahrirlanmaydi.

    Boshqa yangiliklar