Moskvadagi BDKIda 42 xalqaro talabalar festivali bo`lib o`tdi. Tanlov dasturida BDKI Toshkent filiali talabalari o`z filmlari bilan ishtirok etishdi. Bu haqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Festivalda jami dunyoning 47 ta kino universiteti, 40 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etdi, tanlov dasturida ishtirok etish uchun 600 dan ortiq film ariza topshirgan bo`lib, ulardan 60 tasi saralab olingan.
BDKI Toshkent filialining ikki nafar talabasi festival sovrinlarini qo`lga kiritdi. “Rejissyorlik” yo`nalishi 1 bosqich talabasi Sherzod Nazarov “Ipak yo`lida” filmi uchun “Ta`sirchan kino hikoyasi uchun” professional hakamlar hay`atining maxsus diplomiga sazovor bo`ldi. “Dramaturgiya” yo`nalishi 2 bosqich talabasi Timur Murodov “Kasseta” filmi uchun “Inson qadriyatlarini asrab-avaylagani uchun” professional hakamlar hay`atining Maxsus diplomi sohibi bo`ldi.
Hakamlar hay`ati tarkibiga dunyoning 6 davlatidan kino sanoati vakillari kirdi. E`tiborlisi, bu yil hakamlar hay`ati raisi etib O`zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov saylandi.
“O`zbek talabalari haqida gap ketganda, ob`ektiv natijalar olish maqsadida, ovoz berishda qatnashishdan bosh tortdim, hakamlar hay`ati BDKI Toshkent filiali talabalari Timur Murodov va Sherzod Nazarovni g`olib deb tanlaganidan juda xursand bo`ldim. Ishonchim komilki, bu O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Toshkent shahrida BDKI filialini ochish haqidagi tashabbusining yorqin natijasidir. Ishonamanki, ushbu yosh avlod tez orada O`zbekiston kinematograflari safiga qo`shiladi”, — deya fikr bildirdi O`zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.
Festival doirasida BDKI Toshkent filiali filmlarining alohida namoyishi bo`lib o`tdi. Unda o`zbekistonlik talabalarning quyidagi qisqa metrajli filmalari namoyish etildi: Timur Murodovning “Kasseta”, Feruz Baxairovning “Uy”, Nurillo Narzullaevning “Mohagulning ezgu niyati”, Gayrat Muminovning “Bitiruvchilar” filmlari.
Shuningdek, Festival doirasida O`zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov bilan BDKIda tahsil olayotgan o`zbekistonlik talabalar o`rtasida uchrashuv bo`lib o`tdi. Talabalarga O`zbekiston Kinematografiya agentligi nomidan stipendiyalar topshirildi.






