Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpog`iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “B.S.” MChJ mansabdor shaxslari hududiy tijorat banki filialidan chorvachilikni rivojlantirish uchun ajratilgan kredit mablag`larining 3,3 mlrd so`mini boshqa maqsadlarda sarflab, talon-toroj qilganligi aniqlangan. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Shu kabi, Departamentning Hazorasp tuman bo`limi tomonidan hududiy tijorat banki filialining murojaatiga asosan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Sh.A.” va “H.M.” MChJlar mas`ul shaxslari va boshqalar o`zaro til biliktirib, parranda va ozuqa emi sotib olish uchun “Sh.A.” MChJga ajratilgan 2 mlrd so`m kreditni “H.M.” MChJga o`tkazish orqali naqdlashtirib olib talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Departamentning Pop tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “S.S.” MChJ rahbari M.X. va ish yurituvchisi O`.M. hududiy tijorat banki filialidan MChJga ayollar go`zallik saloni va fitnes sport to`garagini tashkil etish uchun ajratilgan imtiyozli kredit evaziga harid qilingan sport anjomlari va jihozlarini sotib yubrishib, jami 1,2 mlrd so`m kredit mablag`ini o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning G`uzor tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, fuqaro R.K. yaqin qarindoshi Sh.X.ning nomidan “N.S.” dehqon xo`jaligini davlat ro`yxatidan o`tkazib, chorva mollarini ko`paytirish va yilqichilik faoliyatini amalga oshirish, zotdor otlar sotib olish hamda ko`paytirish uchun bank filialidan ajratilgan 700 mln imtiyozli kredit mablag`ini boshqa maqsadlarda sarflab, talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkzilmoqda.






