Ijtiomiy tarmoqlarda joriy yilning 19 noyabrida Surxondaryo viloyati Jarqo`rg`on tumanida avtomobil yo`li mahalliy aholi tomonidan to`sib qo`yilgani aks etgan video tarqaldi.
Viloyat hokimligi bergan ma`lumotga ko`ra, Jarqo`rg`on tumani markaziga olib boruvchi 4R-100b avtomobil yo`li yuk ko`tarish qobiliyati bir o`qqa tushadigan tegishli me`yoriy og`irlikdan og`ir bo`lgan yuk avtomobillarining muntazam ravishda harakatlanishi oqibatida ta`mirtalab holatga kelib qolgan.
Ma`lum qilinishicha, hozirda tuman "Yo`llardan foydalanish" unitar korxonasi tomonidan birinchi navbatda ushbu avtomobil yo`lida transport vositalarining harakat xavfsizligi va uzluksizligini ta`minlash choralari ko`rilgan.
Viloyat avtomobil yo`llari Bosh boshqarmasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar mas`ullari esa aholi vakillari bilan uchrashib, 4R-100b avtomobil yo`lining 0-11 km qismini ta`mirlash ishlari 2023 yil birinchi choragida amalga oshirilishi belgilanganligi yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borishgan.
Qayd etilishicha, aholining noroziligiga sabab bo`lgan ushbu masala Surxondaryo viloyati avtomobil yo`llari Bosh boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan.






