Senatning o`ttiz beshinchi yalpi majlisida mamlakatimizning parlament so`rovlari natijalari, davlat byudjeti, xalqaro shartnomalarni ratifikasiya qilish va bir qator qonun hujjatlarini qabul qilish masalalari ko`rildi.
Xususan, Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Davlat boji to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ma`qullandi.
Qonunga ko`ra, notarial harakatlar rasmiylashtirilganda undiriladigan davlat bojini shaffoflikni ta`minlash xamda jismoniy va yuridik shaxslarga engillik yaratildi.
Birinchidan, avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o`tkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun (dvigatel quvvati hamda ishlab chiqarilgan muddatidan qat`iy nazar) BHMning 3 baravari (hozirda 900 ming so`m) miqdorida davlat boji undirish;
(Bugungi kunda davlat boji transport vositasi turi va dvigatel quvvati hamda ishlab chiqarilgan muddatiga qarab BHMning 2 baravaridan 10 baravarigacha miqdorida oshib boradi).
Ikkinchidan, ko`chmas mol-mulkni boshqa shaxsga o`tkazish bilan bog`liq shartnomalarni tasdiqlaganlik uchun agar ko`chmas mol-mulk Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida joylashgan bo`lsa (kv.m dan qat`iy nazar) BHMning 1 baravari (hozirda 300 ming so`m), boshqa aholi punktlarida joylashgan bo`lsa BHMning 50 foizi (hozirda 150 ming so`m) miqdorda davlat boji undirish;
(amalda ko`chmas mol-mulk Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida joylashgan bo`lsa kv.m ga qarab BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha, boshqa aholi punktlarida BHMning 0,5 baravaridan 1,5 baravarigacha oshib boradi).
Uchinchidan, garov, ipoteka va lizing shartnomalarini tasdiqlashda jismoniy shaxslarga BHMning 1 baravari (hozirda 300 ming so`m), yuridik shaxslarga BHMning 2 baravari (hozirda 600 ming so`m) miqdorda davlat boji undirish;
(amalda shartnoma summasiga qarab jismoniy shaxslarga BHMning 1 baravaridan 2 baravarigacha, yuridik shaxslarga BHMning 2 baravaridan 4 baravarigacha oshib boradi).
To`rtinchidan, qarz shartnomalarini tasdiqlashda shartnoma summasidan qat`iy nazar BHMning 25 foizi qilib belgilash (amalda shartnoma summasiga qarab BHMning 25 foizidan BHMning 1 baravarigacha oshib boradi);
Beshinchidan, shaxsiy jamg`arib boriladigan pensiya hisobvarag`idagi pul mablag`lari uchun merosga bo`lgan huquqi to`g`risida guvohnoma berganlik uchun davlat bojidan to`lashdan ozod etish (amalda BHMning 30 foizi) imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, davlat boji summasi kamaytirilishi hisobiga 142 mlrd. so`mga yaqin mablag`lar aholi ixtiyorida qoladi.
Qayd etilishicha, Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida davlat boji summasi optimallashadi hamda uni hisoblashda shaffoflikka erishiladi.






