O`zbekiston Gidrometeorologiya xizmati joriy hafta uchun kutilayotgan ob-havo ma`lumotini e`lon qildi. Unga ko`ra, bugun O`zbekiston bo`yicha kam bulutli va quruq ob-havo bo`lishi kutilmoqda, faqat Navoiy viloyatining shimoliy hududlarida, shuningdek, Toshkent viloyatining ba`zi joylarida frontal bulutli chiziqlar o`tishida biroz yomg`ir yog`ishi mumkin, tog`li hududlarda yog`ingarchilik (yomg`ir, qor) bo`ladi.
Kunduzi havo harorati 13-15o iliq, janubda 18-21o iliq atrofida bo`ladi.
Seshanba kunidan boshlab va ish haftasining oxirigacha O`zbekiston hududiga Eron hududlaridan quruq va juda iliq havo kirib kelishi kutilmoqda. Harorat foni 6-8o ga ko`tariladi. Kunduzi havo harorati seshanba kuni – 15-17o iliqgacha, so`ng esa 18-20o iliqgacha, ba`zi joylarda 23o iliqgacha ko`tariladi.
Respublika bo`yicha yog`ingarchilik kutilmaydi, faqat Toshkent viloyatining ayrim joylarida seshanbaga o`tar kechasi biroz yomg`ir yog`ishi mumkin, tog`larda yog`ingarchilik bo`ladi.
21-22-noyabrda respublikaning tog`li hududlarida qor ko`chishi xavfi bor. Bugun va ertaga respublikaning ayrim joylarida shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.
Respublika bo`yicha ba`zi joylarga tuman tushishi mumkin.






