Energetika vazirligi Matbuot shtabi 17 noyabr kuni iste`molchilarni yoqilg`i-energiya resurslari bilan ta`minlash bo`yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma`lumot berdi.
Kecha, 17 noyabr kuni elektr stansiyalar orqali 219 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Shundan respublika iste`molchilariga 213,6 mln kVt-soat elektr energiyasi etkazib berildi.
Shuningdek, gaz ta`minoti korxonalari tomonidan iste`molchilarga 149,7 mln kub metr tabiiy gaz va 2 ming tonna suyultirilgan gaz etkazib berildi. Iste`molchilarni ko`mir mahsulotlari bilan ta`minlash maqsadida 7 ming 852 tonna mahalliy ko`mir etkazib berildi.
Korxonalarda qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o`rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda shtablar tuzilgan, 24 soatlik navbatchilik tashkil qilingan.
Respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta`minotida cheklovlar (bir soatdan bir yarim soatgacha) kiritildi. Ta`minotdagi uzilishlar bo`yicha iste`molchilardan 900 ga yaqin murojaat kelib tushdi. Murojaatlar yuzasidan elektr qurilmalarida yuzaga kelgan nosozliklar maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Tabiiy va suyultirilgan gaz ta`minoti bo`yicha Farg`ona, Samarqand va Toshkent viloyatlarining ayrim hududlarida gaz bosimining pasayishi kuzatildi. Natijada iste`molchilardan 400 ga yaqin murojaat kelib tushdi. Mavjud muammoni bartaraf etish bo`yicha tezkor chora-tadbirlar olib borildi.
Gaz tarmoqlarida olib borilgan ta`mirlash ishlari iste`molchilarni oldindan ogohlantirgan holda amalga oshirildi. Shuningdek, vazirlik va tizim tashkilotlarining mas`ul xodimlari hududlarga safarbar etilib, iste`molchilarni barqaror energiya resurslari bilan taminlash choralari ko`rilmoqda.
Bundan tashqari, kuz-qish davrini betalafot o`tkazish maqsadida elektr tarmoqlari korxonalarida 532 ta, gaz ta`minoti korxonalarida esa 244 ta nosozliklarni oldini olish va bartaraf etish bo`yicha brigadalar tashkil etilgan.
"Shu o`rinda iste`molchilardan isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo`lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilgan tavsiyalarga qat`iy rioya qilishlarini so`raymiz" deyiladi xabarda.
Ma`lumot o`rnida:
Elektr energiyasi ta`minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki Telegramdagi (@HET_admin) administratorga, shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz ta`minoti yuzasidan 1104, 104 telefonlari yoki Facebook ijtimoiy tarmog`idagi guruhga murojaat qilishingiz mumkin.






