AsosiyJamiyat

Respublikaning 6 ta hududida iste`molga yaroqsiz go`sht sotilayotgani aniqlandi

'Respublikaning 6 ta hududida iste`molga yaroqsiz go`sht sotilayotgani aniqlandi'ning rasmi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo`mitasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tekshiruvlarda iste`molga yaroqsiz go`sht mahsulotlarining muomalaga kiritilishining oldi olinmoqda. Xususan Prokuratura departamentining bergan xabariga ko`ra, respublikaning 6 ta hududida iste`molga yaroqsiz go`sht mahsulotlari savdosining olingan.

Xususan, Departamentining Qibray tuman bo`limi tomonidan DSI xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar A.T. va U.X. iste`molga yaroqsiz 2 200 kg tovuq go`shtini konserva mahsulotlari ishlab chiqarish maqsadida saqlab kelayoganliklari aniqlangan. 

Departamentining Guliston tuman bo`limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro O.S iste`molchilarning hayoti yoki sog`lig`i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan 961 kg qoramol go`shtini o`zining boshqaruvidagi “Nexia” rusumli avtotransport vositasida Toshkent shahridagi mijozlarga etkazib berish maqsadida olib ketayotganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Yakkasaroy tuman bo`limi tomonidan IIBB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro B.S. 22 dona polietilen qopda iste`molchilarning hayoti yoki sog`lig`i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan 612 kg go`sht mahsulotini o`zining boshqaruvidagi “COBALT”  rusumli avtotransport vositasida Toshkent shahridagi mijozlarga etkazib berish maqsadida olib ketayotganligi aniqlangan.

Departamentning Sirdaryo tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Sirdaryo” YPX maskanidan fuqaro B.E. boshqaruvidagi “COBALT” rusumli avtomashinasida fuqaro B.U.ga iste`molchilar hayoti va sog`ligi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan 309,1 kg echki go`shtini Toshkent shahrida sotish maqsadida olib kelayotganligi aniqlangan. 

Departamentning Qo`qon shahar bo`limi tomonidan DSI xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tadbirda, fuqaro O.A. o`ziga tegishli  go`sht va kolbasa mahsuloti ishlab chiqarish sexida hech qanday tegishli hujjatlarsiz, iste`molchilar hayoti va sog`ligi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan jami 240 kg qoramol va tovuq go`shtini muomalaga kiritish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlangan.
  
Xuddi shunday, Departamentning Chilonzor tuman bo`limi tomonidan Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda esa, fuqaro Sh.E. o`ziga tegishli “Damas” rusumli avtotransport vositasida birlamchi veterinariya hujjatlarisiz, iste`mol uchun yaroqsiz bo`lgan 170 kg qoramol go`shtini sotish maqsadida olib ketayotganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o`tkazish maqsadini ko`zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o`tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko`rsatish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.

    Boshqa yangiliklar