Bugungi kunda biznesga to`g`ridan-to`g`ri ta`sir ko`rsatuvchi 6 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjat bor. 40 mingta texnik jihatdan tartibga soluvchi hujjatlarda tadbirkorlarning bozorlarga kirishi uchun to`siqlar mavjud...
Bu kabi omillar albatta tadbirkorlik faoliyatiga qo`yilgan talablarni soddalashtirish hamda biznes uchun tartibga solish yukini kamaytirishni taqozo etadi.
Ayni bois, O`zbekiston Prezidenti Farmoni bilan biznes faoliyatini tartibga soluvchi aniq yo`nalishlar belgilandi.
Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishga oid Farmon mazmuni bo`yicha AOKAda o`tkazilgan matbuot anjumani davomida Adliya vazirligi mutasaddilari tushuntirish berishdi.
Qayd etishilicha, yuqorida sanab o`tilgan yo`nalishlar 10ta:
- Tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solish davlat ro`yxatidan o`tkazish;
- lisenziyalash va ruxsat berish (tavsifnomalar);
- texnik tartibga solish (standartlar, sanitarik-gigienik talablar, shaharsozlik normalari);
- tarif va notarif tartibga solish (tashqi iqtisodiy faoliyat sub`ektlari — eksport-import bilan shug`ullanuvilar faoliyatini yo`lga solish);
- majburiy sug`urta qilish;
- davlat nazoratini amalga oshirish;
- raqobatni himoya qilish;
- javobgarlik o`rnatish;
- hisobotlarni joriy etish (soliq, statistika);
- o`zini o`zi boshqarishni joriy etish.
Xo`sh, o`zi davlat tadbirkorlikni nima uchun tartibga soladi?
Ayni mazmundagi savolga Adliya vaziri o`rinbosari Alisher Karimov javob berdi.
" Tartibga solish birinchi navbatda o`sha faoliyatni amalga oshirish jarayonida tovar va xizmatlarni ishlab chiqarishda inson hayoti, atrof-muhitga ta`siri, davlat xavfsizligi ta`minlash nuqtayi-nazaridan amalga oshiriladi. E`tiboringizni qaratmoqchiman, yuqorida aytib o`tilganlardan tashqari har qanday holatda tartibga solish davlat tomonidan cheklanmoqda", — deydi u.
Dilbar Abdunabieva.






