Ijtimoiy tarmoqlarda quruvchi tadbirkor va IIB xodimining bahslashgan videosi tarqaldi.
Holatga Chilonzor tuman hokimligi munosabat bildirdi.
Unda Chilonzor tumani “Ko`tarma” mahallasining 1-, 3-, va 9-uylar oralig`idagi hudud o`rab olinayotganligi haqidagi xabar yuzasidan ma`lumot taqdim etilgan.
Ma`lum qilinishicha, holat yuzasidan tuman hokimligida Ishchi guruh tuzilib, mazkur hududda o`rganish ishlari olib borildi.
Aniqlanishicha, "Ko`tarma” mahallasi 1-, 3- va 9-uylar orasidagi 15 sotix er maydoni Toshkent shahar hokimining 2020 yil 9 dekbrdagi 1147-sonli qarori asosida fuqaro Mirxamid Mirvalievich Mirxodjaevga kompensasiya tariqasida doimiy foydalanish huquqi asosida ko`p qavatli turar joy qurish uchun ajratilgan.
2021 yil 20 dekabrda ushbu hududda qurilish ishlari olib borilishi uchun hududda bolalar va sport maydonchalari, qariyalar dam olish shiyponi, avtoturargoh qurish sharti bilan Mahalla fuqarolar yig`inining bayonnomasi asosida “Ko`tarma” mahallasi hududidagi 1-, 3- va
9-uylarda yashovchi fuqarolar roziligi yozma rasmiylashtirilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi 370-sonli qaroriga asosan Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2021 yil 19 iyuldagi 1726-1726294-24852-sonli Arxitektura rejalashtirish topshirig`i ishlab chiqilgan hamda Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo`yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2022 yil 30 iyundagi 47871-sonli xulosasi olingan.
Shu bilan birga, ushbu masala yuzasidan joriy yil 5 noyabr kuni tuman Ishchi guruhi, tadbirkor hamda aholi bilan uchrashuv tashkil etilishi belgilab olindi.
Tuman Ishchi guruhi tomonidan tadbirkorga tegishli hududdagi qurilish ishlari shaharsozlik normalari va qoidalari (ShNQ)ga asosan, shuningdek mazkur hudud atrofida istiqomat qiluvchi aholi roziligi bilan amalga oshirilishi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi, deyiladi xabarda.






