Bir muddat avval Toshkent metrosining bir yo`nalishida poezdlar harakati butkul to`xtab qolgani aytilgan video tarqalgan edi.
"Toshkent metropoliteni" DUK yuz bergan ushbu holat bo`yicha ma`lumot berdi.
Qayd etilishicha, bugun soat 19:10 da "Chilonzor" yo`nalishi Sergeli yo`lining 5-bekatida poezd harakat yo`lida texnik nosozlik holati kuzatilgan, buning natijasida bekatda bo`lgan 17-sonli harakat tarkibi harakatlana olmagan hamda ushbu yo`lda yo`lovchilar va harakat xavfsizligini ta`minlash maqsadida harakat vaqtinchalik to`xtatilgan.
Ushbu vaqt oralig`ida "Buyuk Ipak yo`li" hamda "Olmazor" bekatlari oralig`ida poezdlar jadval asosida harakatlangan. "Olmazor" hamda Sergeli yo`li 5-bekat oralig`ida ushbu nosozlik holati tuzatilgunga qadar bir tomonlama harakat amalga oshirilgan
Ta`kidlanishicha, hozirda barcha poezdlar belgilangan jadval asosida harakatlanmoqda.
"Keltirilgan noqulaylik yuzasidan barcha yo`lovchilardan uzr so`raymiz", — deyiladi xabarda.






