Bugun, 5 noyabr kuni UzAuto Motors jamoasi uchun alohida o`zgacha kun bo`lib muxrlandi. Zavod konveeridan to`rt millioninchi avtomobil chiqdi.
Ushbu avtomobil Asaka avtozavodida joriy yilning iyul oyidan ishlab chiqarilishi boshlangan mahalliy krossover Chevrolet Tracker bo`lganligi ramziy ma`noga ega.
Bunday natijaga sanoat tarkibidagi barcha korxona jamoasining professional va muvofiqlashtirilgan ishi tufayli erishildi. Korxona konveerlarida nafaqat avtomobil, balki ko`plab butlovchi qismlar chiqariladi. UzAuto Motors`ning bu yutug`i nafaqat Asakada, balki Toshkentda dvigatel ishlab chiqariladigan UzAuto Motors Powertrain zavodida, UzAuto Motors`ning Xorazm viloyati Pitnakdagi zavodida, shuningdek, avtomobillar uchun turli xil butlovchi qismlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarda ham nishonlanmoqda.
Alohida ta`kidlab o`tish joizki, bundan oldingi 3 000 000 ninchi avtomobilga erishish uchun 22 yil kerak bo`ldi. 4 000 000 ga erishish uchun atigi 4 yil etdi. Bularning barchasi avtomobilsozlik sanoatining transformasiya qilingani va ishlab chiqarish quvvatini oshirish, modernizasiya qilish, shuningdek, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish tufayli amalga oshirildi.
Ko`p ishlar qilindi, ammo hali qilinishi kerak bo`lgan ishlar ham talaygina. 2023-yilda kompaniya 500 000 avtomobil ishlab chiqarishni maqsad qilib qo`ydi, keyinchalik bu ko`rsatkich 1 000 000 ko`tariladi. Oldinda bizni eng kutilgan Chevrolet Onix avtomobilini ishlab chiqarish va Markaziy Osiyo mamlakatlarida yanada kengaytirish kutmoqda. Vazifa qiyin, ammo buni mamlakat rahbarining ko`magi hamda butun sanoat jamoasining fidokorona mehnati tufayli amalga oshirish mumkin.






