Boshlangan haftada Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokida bir qator uchrashuv, muhokama va yirik tadbirlar rejalashtirilgan. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirokida bo`lib o`tgan brifingdan "Darakchi.uz" muxbiri xabar bermoqda.
Bugun kunning birinchi yarmida Prezident Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon turizm tashkiloti bosh kotibi Z.Pololikashvili bilan uchrashuv o`tkazdi. Unda 2023 yilda Samarqand shahrida o`tkazilishi kutilayotgan Jahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi 25-sessiyasi kun tartibi va tashkiliy masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Kunning ikkinchi yarmida Davlat rahbari Mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish borasida mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish yuzasidan videoselektor yig`ilishini ham o`tkazadi.
Shu bilan birga hafta davomida Savdo sanoat palatasi rahbariyatining tadbirkorlar bilan “ochiq muloqot” ijrosi bo`yicha Prezidentimizga hisobot berishi ko`zda tutilgan.
Mazkur hafta tarixiy va betakror Samarqand shahri yana bir muhim xalqaro siyosiy tadbirga mezbonlik qiladi.
11 noyabr kuni Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti bo`lib o`tadi. Ushbu oliy darajadagi tadbir 2021 yil Istanbul uchrashuvida Tashkilot nomi o`zgargandan keyingi Birinchi sammit hisoblanadi.
Tadbirda 5 ta a`zo mamlakat - O`zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog`iston, Qirg`iziston hamda 2 ta kuzatuvchi - Turkmaniston va Vengriya mamlakatlari rahbariyati ishtirok etishi kutilmoqda.
Shuningdek, sammitda Tashkilot Bosh kotibi, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) bosh kotibi, Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi (TURKPA) bosh kotibi, Xalqaro turkiy akademiya prezidenti v.b., Turkiy meros va madaniyat fondi prezidenti, Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar Kengashi raisi ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Tadbir kun tartibidan Tashkilot doirasida siyosiy-iqtisodiy, transport, madaniyat va turizm kabi sohalarda hamkorlikni yanada jadallashtirish masalalari muhokamasi hamda xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashish ko`zda tutilgan.
Samarqand sammitida 10 dan ortiq hujjat imzo uchun kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Tadbirning asosiy hujjati bu — a`zo mamlakatlarning eng muhim mintaqaviy va global muammolar bo`yicha mujassamlashgan pozisiyalari o`z ifodasini topgan Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti Deklarasiyasidir. Unda mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta`minlash, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish bo`yicha qo`shma yondashuvlar belgilab berilgan.
Sammit yakunida Tashkilotga raislik bir yil muddatga Turkiyadan O`zbekistonga o`tadi.






