7 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.
Ta`kidlanishicha, O`zbekiston bilan Turkmaniston o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirishning dolzarb masalalari ko`rib chiqilgan.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga o`zining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini bildirgan.
O`zbekiston Prezidentining joriy yil 20-21 oktyabr kunlari Turkmanistonga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi davomidagi oliy darajali uchrashuv va tadbirlarning samarali natijalari yuksak baholandi.
Erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni, shu jumladan faol parlamentlararo muloqotlar va almashinuvlarni davom ettirish orqali amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Shu hafta oxirida Samarqandda o`tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining kun tartibidagi masalalar ham ko`rib chiqildi.






