AsosiyJamiyat

Hafta oxiriga kelib havo 0-2 daraja sovuq bo`lishi kutilmoqda

'Hafta oxiriga kelib havo 0-2 daraja sovuq bo`lishi kutilmoqda'ning rasmi

"O`zgidromet" markazi O`zbekiston bo`ylab 7-11 noyabr kunlari kuzatiladigan ob-havo ma`lumotini e`lon qildi. Ma`lum qilinishicha, hafta oxiriga kelib harorat pasayishi kutilmoqda

Bugun O`zbekiston hududi bo`yicha atmosfera fronti o`tishida yomg`ir yog`adi, ba`zi joylarda kuchli bo`ladi, Farg`ona vodiysi viloyatlarida kunning ikkinchi yarmida yomg`ir yog`ishi kutilmoqda. Ayrim joylarda momaqaldiroq bo`lishi mumkin. Respublikaning shimoliy hududlariga Volga bo`yi hududlaridan sovuq havo massasi kirib kelishi boshlanadi, ayrim joylarda yomg`ir yog`adi, qorga aylanishi mumkin. Havo harorati 8-13 daraja iliq, shimolda 5-7 daraja iliq atrofida bo`ladi.

Seshanba kuni sovuq havo massasi respublikaning barcha hududlariga asta-sekin kirib keladi, hududning katta qismida yomg`ir yog`adi, Buxoro, Navoiy viloyatlarining ayrim tumanlarida ba`zi joylarda biroz yog`ingarchilik bo`lishi mumkin. Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yog`ingarchilik kutilmaydi. Kunduzigi harorat 5-8 daraja iliqni tashkil etadi, bu ushbu kunning o`rtacha iqlim qiymatlaridan 8-10 darajaga pastdir.

Bugun va ertaga respublika bo`yicha ba`zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

9-11 noyabrda respublika hududi bo`yicha  yog`ingarchilik kutilmaydi.

Sovuq havo massalari kirib kelishi natijasida 9-11 noyabrda harorat kechalari 0-2 daraja sovuqgacha pasayadi, kunduz kunlari asta-sekin isiydi. Haftaning oxiriga kelib harorat 10-14 daraja iliq atrofida va me`yorga yaqin bo`ladi.

7-8 noyabr kunlari kuchli yomg`ir yog`ishi hisobiga respublikaning tog` oldi va tog`li hududlarida sel kelishi xavfi bor. Kechasi va ertalab ba`zi joylarga tuman tushishi mumkin.

 

 

    Boshqa yangiliklar