Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida ish haqi kechiktirilgan har bir kun uchun kompensasiya to`lanishi belgilandi.
Unga ko`ra, xodimlarga ish haqi to`lash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud bo`lmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib ko`rsatilgan muddatlarda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo`lishi mumkin emas.
Xodimlarga oylik ish haqi, qoida tariqasida, 16 kundan ko`p bo`lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo`lingan holda (bo`nakda va qolgan qismi miqdorida) to`lanadi.
Ish beruvchi ish haqi to`lash kechiktirilgani uchun xodim oldida ushbu kodeksga kiritilgan 333-moddaga ko`ra moddiy javobgar bo`ladi. Ya`ni, ish beruvchi ish haqini, ta`til to`lovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to`lovlarni va (yoki) xodimga to`lanishi lozim bo`lgan boshqa to`lovlarni to`lash muddatini buzgan taqdirda, ularni to`lov muddatidan keyingi kundan e`tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni o`z ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun Markaziy bankining o`sha vaqtda amalda bo`lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensasiya) bilan birga to`lashi shart.
Xodimga to`lanishi lozim bo`lgan pulli kompensasiyaning miqdori Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining o`n foizi miqdorida belgilanadi. Uning miqdori jamoa shartnomasi, ichki hujjat yoki mehnat shartnomasi bilan oshirilishi mumkin.
Ish beruvchi oylik ish haqini yoki xodimga to`lanishi lozim bo`lgan boshqa to`lovlarni to`lashning kechiktirilishida aybi bor-yo`qligidan qat`i nazar uni to`lashga majbur bo`ladi.
Ma`lumot uchun, yangi tahrirdagi ushbu kodeks 2023 yilning 30 aprelidan boshlab kuchga kiradi.






