Hukumat qarori bilan alkogol, giyohvandlik vositalari ta`siridan yoki o`zgacha tarzda mastlik holatida bo`lgan shaxslarga tibbiy yordam ko`rsatish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko`ra, mastlik holatida bo`lgan shaxslarga tibbiy yordam ko`rsatish uchun tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibida kamida 10 o`rinli tumanlararo tibbiy yordam ko`rsatish punktlari tashkil qilinadi.
Tibbiy yordam ko`rsatish punktlarida ichki rejim hamda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va bartaraf etish maqsadida Milliy gvardiyaning qo`riqlash bo`linmalari tashkil etiladi.
Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tibbiy yordam ko`rsatish punktlariga jamoat joylarida (yashash joyidan olib borish bundan mustasno) mastlik holatidagi shaxslarni tibbiy yordam ko`rsatish punktlariga olib borish uchun quyidagi mezonlar asos bo`ladi:
— shaxsning maqsadli harakatlar sodir etish yoki o`zi mustaqil harakatlanish qobiliyatini yo`qotganligi (biror joyda yotgan yoki o`tirgan holati);
— shaxsning uyquchanligi, uyg`otishning qiyinligi;
— shaxsning tikka holatda mustaqil tura olmasligi;
— nutqining noaniq, tushunarsiz, o`zaro bog`liq bo`lmagan uzuq-yuluq alohida so`zlardan tashkil topishi (g`uldirashi);
— savollarni yaxshi tushunmasligi, o`zining qaerdaligini aniq anglab etmasligi.
Mastlik holatidagi shaxslar ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan aniqlanadi va tibbiy yordam ko`rsatish punktlariga olib boriladi.
Mastlik holatidagi shaxs tibbiy yordam ko`rsatish punktida 12 soatgacha bo`lganda dalolatnoma, 12 soatdan ko`p vaqt bo`lganda va tibbiy ko`rsatmalar mavjud bo`lgan hollarda kasallik tarixi rasmiylashtiriladi.
Tibbiy yordam ko`rsatish punktiga olib kelingan mastlik holatidagi shaxslarni sutkaning tungi vaqtida (soat 23:00 dan 06:00 gacha) yoki yilning sovuq davrida chiqarib yuborish ularning qarindoshlari kuzatuvida amalga oshiriladi.






