O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning Nukus va Farg`ona filiallarida bugungi kunda dolzarb bo`lmagan 5 ta bakalavriat yo`nalishi tugatilib, 2 ta magistratura mutaxassisligi tashkil etiladi. Bu jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish bo`yicha takliflar taqdimoti bilan tanishuvda ma`lum qilindi.
Qayd etilishicha, shuningdek, sport sohasida faxriy unvon va toifa darajasiga ega bo`lgan, nufuzli xalqaro musobaqalarda g`olib bo`lgan abiturientlar kasbiy imtihonlarni topshirishdan ozod qilinadi. Talabalarni rag`batlantirish uchun Pahlavon Mahmud nomidagi davlat stipendiyasi joriy etiladi. Iqtidorli bitiruvchilarga sport bo`yicha hakam hamda ikkinchi toifali trener maqomi beriladi.
Ta`lim va ilm bog`liqligini mustahkamlash uchun yagona kuzatuv kengashi tuzish rejalashtirilgan. Bu kengash sport muassasalarining boshqaruv, o`quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va ma`naviy-ma`rifiy faoliyatini samarali tashkil qilishga bosh-qosh bo`ladi.






