11 oktyabr kuni Dushanbeda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon o`rtasida muzokaralar bo`lib o`tdi.
Uchrashuv avvaliga tor doirada, so`ngra delegasiyalar a`zolari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda bo`lib o`tdi.
Imomali Rahmon Tojikiston va Belarus o`rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda, jumladan, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta`kidlagan.
“Bugun men sizlar bilan munosabatlarimiz holati va istiqbollarini, xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qilishga tayyorman”, — degan Tojikiston prezidenti.
Tojikiston prezidenti bilan muzokarada Aleksandr Lukashenko Belarus va Tojikiston uchinchi davlatlar bozorlariga chiqish orqali savdo aylanmasini oshirishi mumkinligini ta`kidlagan. U Tojikiston bilan birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan boshqa bozorlarga chiqish kerakligi, qo`shni davlatlarda bunga katta ehtiyoj sezilyotganini qayd etgan.
Prezidentning so`zlariga ko`ra, Belarus-Tojikiston aloqalarining hozirgi darajasi mamlakatlarga ikki tomonlama kun tartibining, xalqaro va integrasiya birlashmalari doirasidagi o`zaro munosabatlarning istalgan, hatto eng murakkab masalalarini ham maxfiy formatda muhokama qilish imkonini beradi.
“Dunyodagi mavjud vaziyat, yangi chaqiriq va tahdidlarga bo`lgan baholarimiz to`liq mos kelishi quvonarli. Minsk va Dushanbe BMT, ShHT, MDH, KXShT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida konstruktiv hamkorlik qilmoqda. Do`stona bo`lmagan G`arb davlatlarining misli ko`rilmagan bosimiga qarshi Tojikiston tomonidan Belarusga ko`rsatilayotgan yordam uchun minnatdormiz”, — degan Aleksandr Lukashenko.
Yil oxirigacha Belarus va Tojikiston Dushanbe shahrida sutni qayta ishlash bo`yicha qo`shma korxonani ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
"Siz bilan men bir necha o`n yillardan beri birga ishlaymiz. Biz allaqachon "oqsoqollar"miz. Siz hozir MDHda bizning asosiy odamimizsiz. Biz buni hammamiz tan olamiz. Shuning uchun men sizning yoningizdaman. MDH hamda postsovet respublikalaridagi taraqqiyot bizga bog`liq bo`ladi. Zamon qiyin. Ammo inqirozlardan foydalanib, biz kuchayamiz. Biz bunga tayyormiz”, dedi Aleksandr Lukashenko Imomali Rahmonga murojaat qilib.






